2023-yilning dastlabki olti oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi 5,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotida aytiladi.

Konsolidatsiyalashgan budjetga davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (suveren fond) mablag‘lari kiradi. Avvalroq davlat budjeti taqchilligi 6,1 foizdan oshgani haqida xabar bergandik.

Birinchi yarimyillikda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 153,8 trln so‘mni, xarajatlari 180,8 trln so‘mni tashkil etdi. Defitsit 26,9 trln so‘m yoki YAIMga nisbatan 5,7 foiz bo‘ldi. Bu avvalgi yillarga nisbatan ancha yuqori:

  • 2020-yil (koronavirus pandemiyasi): birinchi yarimyillikda — 8,9 trln so‘m (YAIMga nisbatan 3,4 foiz), yil yakunida — 26,09 trln so‘m (YAIMga nisbatan 4,5 foiz);
  • 2021-yil (pandemiya ta’sirining davom etishi): yil yakuniga ko‘ra — 40,8 trln so‘m (YAIMga nisbatan 5,6 foiz);
  • 2022-yil (Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, logistika muammolari, Rossiyaga qarshi sanksiyalar): birinchi yarimyillikda — 14,4 trln so‘m (YAIMning 3,7 foizi), yil yakunida — 35,22 trln so‘m (4 foiz).

Shunday qilib, hukumat 3 foizlik taqchillik chegarasini bu qoida qonunda o‘z aksini topganidan keyin ham biror marta ushlab turolmadi.

Birinchi yarimyillikda budjet taqchilligining yarmidan ko‘pi yil boshidagi davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari qoldig‘i hisobidan qoplandi — 14,5 trln so‘m.

Defitsitning qolgan qismi qoplanishi uchun 6,7 trln so‘m davlat qarzi, jumladan, 1,7 trln so‘m tashqi kreditlar jalb etilgan, 5 trln so‘m davlat obligatsiyalari ichki bozorga chiqarilgan.

Shuningdek, davlat dasturlarini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlaridan 4,2 trln so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar jalb qilindi, taqchillikning yana 1,5 trln so‘mi davlat mulkini xususiylashtirishdan tushgan tushumlar hisobidan moliyalashtirildi.

budjet defitsiti, иқтисодиёт va moliya vaзирлиги, konsolidatsiyalashgan budjet

Avval xabar berganimizdek, prezident qarori loyihasi bilan 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining maksimal miqdorini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan 5 foizga yoki 53,4 trillion so‘mgacha oshirish taklif etilgan. Agar hukumat yana xarajatlar chegarasiga amal qilmasa, bu davlat xarajatlarining 1,8 mlrd dollarga oshishiga olib keladi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov avvalroq taqchillikning oshishi gaz importi yuqorilashi bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.

2022-yilda hukumat davlat budjeti defitsiti yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdoridan oshmasligi kerakligi bo‘yicha chegarani ushlab turolmagan, shu sababli parlament xarajatlarni 2 mlrd dollarga oshirishni va YAIMning 4 foizigacha bo‘lgan chegarani tasdiqladi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov davlat xarajatlarining o‘sishi hisobiga inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllanayotganini, shu sababli fiskal konsolidatsiyaning roli oshib borayotganini (xarajat va daromadlarni optimallashtirish) ta’kidlagandi.