Barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shaxobchalari (AGTKSH) uchun gazni ulgurji sotish narxi bir xil. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.

10-sentabr kuni moliyachi Otabek Bakirov O‘zbekistondagi “zapravka”lar gazni “Hududgazta’minot” va UzGasTrade kompaniyalaridan (2023-yilgacha — “O‘ztransgaz”dan) sotib olayotgani haqida yozgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Hududgazta’minot”da narxlar qimmatroq bo‘lgani holatida ayrim AGTKSHlar yonilg‘ini UzGasTrade`dan arzonlashtirilgan narxda oladi.

“Bu yerda men kimgadir imtiyozli narxlar bor, demagan bo‘lardim… Bu biroz noto‘g‘ri talqin. Masalan, hozirda barcha yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotuv narxi 1000 so‘mni tashkil etadi. Ya’ni UzGasTrade va „Hududgazta’minot“ kompaniyalari boshqa narxlarda sotish huquqiga ega emas va bunday qilolmaydi ham. 1-oktabrdan narxni 1500 so‘mga oshirish taklif qilinmoqda va unda ham bir xil bo‘ladi”, — dedi Energetika vazirligi rahbari.

Bir qancha davlat gaz yetkazib beruvchi korxonalari mavjudligiga keladigan bo‘lsak, bu energetika korxonalarining qayta tashkil etilishi, “Hududgazta’minot”, “O‘ztransgaz”, shuningdek, UzGasTrade kompaniyalarining tashkil etilishi bilan bog‘liq, deya tushuntirdi u.

“Masalan, elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha barcha shartnomalar “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan tuziladi. [Gaz bo‘yicha ham] Hammasi bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Ba’zan bu AGTKSHlar sanoat kollektoriga, magistral tarmoqlarga ulanganida kuzatiladigan, ma’lum bir gaz uzatish liniyasiga tegishli texnik muammolar hisoblanadi. U yerga “Hududgaz” ulanmagan, ya’ni “Hududgaz” infratuzilmasi yo‘q. Shu sababli endi qayta ulanish bo‘yicha ish olib borilmoqda. “Asta-sekin bu iste’molchilarning barchasi “Hududgazta’minot”ga o‘tkaziladi”, — dedi vazir.

Gazning amaldagi tarifi 2019-yilda o‘rnatilgan va unga ko‘ra, NKMK, OKMK, budjet tashkilotlari va boshqa korxonalar uchun 1 kubometr gaz narxi 660 so‘m, sement va g‘isht zavodlari, AGTKSHlar uchun esa 1000 so‘m hisoblanadi.

2022-yil yozida Kun.uz “Xududgazta’minot”ga tayanib, O‘zbekistondagi 1200 dan ortiq gaz quyish shoxobchalaridan 350 tasi gazni “O‘ztransgaz”dan sotib olayotgani haqida xabar bergandi. O‘shanda AGTKSHlar gazni 1900 so‘mdan 2850 so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotayotgandi.

Bugungi kunda UzGasTrade, “Hududgazta’minot” va “O‘ztransgaz” kompaniyalari aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi, biroq gaz oldi-sotdi kelishuvlari qanday shaklda ekani keng jamoatchilik uchun yopiqligicha qolmoqda.

Avgust oyida Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi haydovchilar yana ko‘plab gaz “zapravka”lar yopilganidan, buning oqibatida yonilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar yuzaga kelayotganidan shikoyat qilgandi. Energetika vazirligi AGTKSHlarga kelishilgan hajmda gaz yetkazib berilganini ma’lum qilgandi va shu bilan birga, talab o‘sayotganini tan olgandi.

Energetika vazirligi, shuningdek, O‘zbekistondagi gaz “zapravka”larga kunlik limit hukumat tomonidan tasdiqlangan resurslar balansi va gaz taqsimoti doirasida joriy etilayotganini qayd etgandi, lekin u yerda cheklovlarni belgilash mezonlari ko‘rsatilmagan.