2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy bo‘ladi. Bu prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida keltirilgan.

“Gazeta.uz” ko‘p polosali ko‘chalarda tartibga solinmagan o‘tish joylari bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘p marta yozgan (O‘xshash xabarlarga qarang). Rivojlangan mamlakatlarda piyoda bir nechta polosani kesib o‘tishi kerak bo‘lsa, svetofor o‘rnatiladi. Toshkentda tartibga solinmagan chorrahalardagi svetoforlar odatda o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisalaridan keyin paydo bo‘ladi.

O‘tgan yili Toshkent shahridagi bir qator yirik chorrahalarni rekonstruksiya qilish jarayonida “birdan ortiq polosa — svetofor kerak” tamoyili belgilab qo‘yilgan. Shunga qko‘ra, Toshkentning ayrim tartibga solinmagan ko‘plab piyodalar o‘tish joylariga svetoforlar o‘rnatilmoqda. Ulardan ba’zilari bir necha piyodalar vafotidan keyingina tartibga solindi.

Poytaxt YHXX svetofor qo‘yilayotgan piyodalar o‘tish joylarini qaysi mezonlarga ko‘ra tanlayotganini aniqlay olmadik. Nashrning Transport vazirligidagi manbasiga ko‘ra, bular “YPX tomonidan YTH xavfi mavjud nuqtalarni bartaraf etish uchun choralar” hisoblanadi.

Shuningdek, Toshkentning “o‘lim ko‘chalari”dagi ko‘plab o‘tish joylari tartibsizligicha qolmoqda. Uzoq yillar davomida mutaxassislar bir narsani bot-bot takrorlayapti: tartibga solinmagan o‘tish joylari faqat bitta “polosa”li yo‘llarda bo‘lishi mumkin.

YTHlarning aksariyati haydovchilar piyodaga yo‘l bermasligi va ko‘chani noto‘g‘ri joydan kesib o‘tish bilan bog‘liq. Demak, odamlar ikki “polosa”dan ko‘proq masofani kesib o‘tishi kerak bo‘lsa, u yerlar svetoforlar bilan ta’minlanishi lozim.

O‘zbekistonda bir necha yillardan beri yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlanish holatlarini kamaytirish uchun Vision Zero (YTHlarda o‘lim darajasini nolga tushirish) konsepsiyasini joriy etish rejalari haqida gapirilmoqda.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2023-yilning dastlabki 7 oyida 4772 ta YTH qayd etilgani, ularda 1115 kishi vafot etgan, 4564 nafari tan jarohatlari olgani xabar qilingandi.