Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish 2024-yil 1-yanvardan boshlanadi. Bu “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini joriy yilda amalga oshirish to‘g‘risidagi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Tibbiy sug‘urta davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari ro‘yxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutadi.

Shu kundan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

2024-yildan onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazida gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, virusli gepatitning S turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yiladi.

Tibbiy sug‘urtani joriy etish bo‘yicha harakatlar

Prezidentning 2017-yil apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tegishli qonunni ishlab chiqish rejalari muhokama qilingandi.

Prezidentning 2018-yildagi qarori bilan 2021-yil 1-yanvardan boshlab majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Davlat rahbari 2020-yilning noyabr oyida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan. Ayni shu hujjatga muvofiq, 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilgan.

2022-yil dekabr oyida prezident o‘z murojaatnomasida davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish jarayoni jadallashtirilishini va u 2023-yildan Toshkent shahrida, keyinroq boshqa hududlarda ham joriy etilishini ta’kidlagandi.

Yil boshida bu sana 1-iyul deb e’lon qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi iyul oyidan boshlab Toshkent shahrida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishni ma’lum qilgan. Shu maqsadda tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

Prezidentning sentabrdagi qarori bilan O‘zbekistonda tibbiy sug‘urtani joriy etishni yakunlash muddati 2026-yil oxiri etib belgilandi. Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi 2024-yildan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga o‘tkaziladi, 2027-yildan esa mustaqil jamg‘armaga aylanadi.

12-sentabr kuni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Farrux Sharipov sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi.