Markaziy bank Brio Group (Oson) to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanganini ma’lum qildi.

Regulyator matbuot xizmatining xabar berishicha, tashkilot to‘lov operatsiyalarini amalga oshirishda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan. Shu sababli unga nisbatan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunga asosan jarima sanksiyasi qo‘llangan.

Shu bilan birga, boshqa to‘lov tashkilotlari va ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklar shu kabi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, Markaziy bank tomonidan ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Gazeta.uz” Toshkentdagi Freedom Payments xorijiy kompaniyasi ofisiga niqobli odamlar kelgani haqida yozgandi. Manbalarimiz xodimlarning hibsga olinganini xabar qilgan.

Keyinchalik esa Freedom Technologies kompaniyalar guruhi bosh direktori Roman Minikeyev tahririyatga bu bo‘yicha izoh bergandi.

“Freedom Pay kompaniyasi yillar davomida faoliyatida benuqson obro‘ga ega ishonchli va samarali hamkor sifatida o‘zini tavsiya qilib keldi. Tashkilot hozirda odatiy rejimdagi faoliyatini davom ettirmoqda. O‘z navbatida, 2023-yil 3-avgustda kompaniyada o‘tkazilgan tekshiruv davlat organlarining xorijiy kompaniyalar va banklar tomonidan kapitalning mamlakatdan olib chiqib ketilishining oldini olish bo‘yicha standart jarayon bilan bog‘liq”, — degandi u.

Shuningdek, Toshkent shahri IIB fuqarolarning plastik kartochkalaridan 12 milliard so‘m o‘g‘irlangani va “turli to‘lov tizimlari” orqali xorijga pul olib chiqib ketilgani yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qilgandi. Bu qaysi tizimlar ekaniga aniqlik kiritilmagan. Tekshiruvlar boshqa to‘lov tashkilotlarida ham bo‘lib o‘tgan.

5-avgust kuni kechqurun Oson to‘lov tizimi “kompaniyaga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra” xizmat Uzcard va Humo tizimlaridan vaqtincha uzilganini xabar qilgan.

“Hamkorlar tomonidan texnik muammolar kuzatildi. Noqulaylik uchun uzr so‘raymiz. Nosozlik onlayn tarzda qisqa vaqt ichida tuzatiladi”, — deyilgandi xabarda.

6-avgust kuni soat 20:00 dan keyin Payme ilovasida Uzcard va Humo tizimlari orqali pul o‘tkazmalari vaqtincha ishlamayotgani haqida xabar paydo bo‘ldi. Kompaniya buni “rejadan tashqari texnik ishlar” deb izohladi.

Ma’lumot o‘rnida, Oson xalqaro o‘tkazmalar bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. “Gazeta.uz” bilan suhbatlashgan manba ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi ko‘plab mehnat migrantlari O‘zbekistonga pul o‘tkazish uchun bu ilovadan foydalanadi.