O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi, prezident Shavkat Mirziyoyevning 19−20-avgust kunlari Budapeshtga tashrifi chog‘ida qo‘shma jamg‘arma va atom energetikasi sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olindi.

Mazkur masalalar investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Alisherbek Payg‘omov (Prezident administratsiyasi tuzilmasi o‘zgarishidan oldin) hamda Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Bu haqda Világgazdaság biznes gazetasi xabar bermoqda.

венгрия, петер сийярто, лазиз қuдратов

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto havo aloqalari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Surat: Szijjártó Péter / Facebook

венгрия, петер сийярто, лазиз қuдратов

20-avgustdan boshlab Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Qanot Sharq har yakshanba kuni Airbus A-320 samolyotida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshiradi. sentabr oyi oxirigacha mavjud bo‘lgan chiptalar narxi 3,54 mln so‘mdan boshlanadi. Siyyartoning so‘zlariga ko‘ra, sentabrdan boshlab haftasiga ikkita reys, 2024-yil yanvaridan uchta va 2025-yildan to‘rtta reys amalga oshiriladi.

Avval xabar berganimizdek, tomonlar O‘zbekiston Rossiya bilan hamkorlikda qurilishi rejalashtirilayotgan AES uchun Vengriyaning quruq sovitish texnologiyasidan foydalanish bo‘yicha kelishib oldi.

Vengriya tashqi va savdo vazirligi rahbari yangi reyslar iqtisodiy aloqalarga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirmoqda. U, shuningdek, Vengriya farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Xususan, Gedeon Richter hozirda ikkita mahsulotini mahalliy ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, MEDITOP Pharmaceuticals esa o‘z vakolatxonasini ochdi va mamlakatga sarmoya tayyorlamoqda.

MEDITOP ijrochi direktori Aks Zoltan “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida kompaniya Toshkent yoki Toshkent viloyatida zavod qurishni rejalashtirayotgani, ammo bunga qadar O‘zbekiston bozorida dori vositalariga bo‘lgan talab va narxini o‘rganish zarurligini ma’lum qildi. Investitsiyalar hajmi taxminan 20−50 mln dollarni tashkil etadi, dedi u.

Vengriyaning OTP banklar guruhi davlat investitsiya fondi bilan O‘zbekistonda 100 mln dollarlik qo‘shma investitsiya fondini tashkil etishga kelishib oldi. OTP boshqaruvi raisi Shandor Chani prezident Shavkat Mirziyoyev bilan 20-avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bank sentabr oxirigacha O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatidagi loyihalarga sarmoya kiritishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida Toshkentda vengriyalik investorlar imtiyozli shartlarda ishlashlari mumkin bo‘lgan maxsus sanoat zonasini tayyorlash ishlari muvaffaqiyatli olib borilayotgani ta’kidlandi. Piter Siyyarto yil oxirigacha barchasi tayyor bo‘lishini, imkoniyatlarga esa o‘nlab kompaniyalar allaqachon qiziqish bildirganini aytdi. Shuningdek, u har yili 170 nafar o‘zbekistonlik talabaning Vengriya oliy o‘quv yurtlarida stipendiya bo‘yicha tahsil olishini muhim yutuq deb hisoblaydi. Ayni paytda 800 ga yaqin kishi ariza topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Budapeshtda bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashdi, yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatiga tashrif buyurdi, avliyo Ishtvan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ishtirok etdi.