Dunyoda COVID-19 bilan kasallanish 17-iyuldan 13-avgustgacha 63 foizga oshdi. To‘rt hafta ichida 1,4 milliondan ortiq virusni yuqtirish hamda 2300 dan ortiq o‘lim holatlari qayd etildi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) haftalik epidemiologik xulosasida aytiladi.

28 kun ichida eng ko‘p yangi holatlar Janubiy Koreya, Avstraliya, Singapur, Italiya va Buyuk Britaniyada qayd etilgan. 234 mamlakatdan jami 104 tasi (44%) JSSTga kamida bitta kovid holati haqida xabar bergan.

Shu bilan birga, tashkilot ta’kidlaganidek, ko‘rsatilgan davr mobaynida JSSTning barcha besh mintaqasida o‘lim darajasi 15 foizdan 78 foizga kamaygan: Afrika mintaqasi, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa mintaqasi, G‘arbiy Tinch okeani mintaqasida va Sharqiy O‘rta er dengizi mintaqasida.

“COVID-19 asosiy tahdid bo‘lib qolmoqda va JSST a’zo davlatlarni o‘zlari qurgan COVID-19 [kurash] infratuzilmasini demontaj qilmasdan, saqlab qolishga chaqiradi”, — deyiladi tashkilot bayonotida.

13-avgust holatiga ko‘ra, pandemiya davrida dunyo bo‘ylab 769 milliondan ortiq koronavirus infeksiyasi qayd etilgan va 6,9 million kishi vafot etgan. May oyi boshida JSST koronavirus pandemiyasining tugashini rasman e’lon qilgan edi. Pandemiya uch yildan ortiq davom etdi.

Yangi shtamm

Avgust oyi boshida JSST dunyoda koronavirusning yana bir varianti — EG.5 tez tarqalayotganini e’lon qilgan edi. U omikron shtammining kichik turi (XBB.1.9.2) hisoblanadi.

Kanadalik genomik biolog Rayan Gregori yangi shtammga mitti sayyora sharafiga norasmiy Eris (“Erida”) nomini berdi.

JSST Erisni “qiziqish uyg‘otuvchi variant” sifatida belgiladi, biroq uning salomatlik uchun xavflilik darajasi past deb baholangan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, virusning birinchi namunalari 2023-yilning 17-fevralida aniqlangan.

7-avgust holatiga ko‘ra, Eris kamida 51 mamlakatda, jumladan Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Singapur, Buyuk Britaniya, Fransiya, Portugaliya va Ispaniyada aniqlangan. 17−23-iyul kunlari EG.5 ning global tarqalishi 17,4% ni tashkil etdi.

“EG.5 keng tarqalgani, o‘sish afzalligi va immunitetdan qochish qobiliyatini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar kasallik zo‘ravonligidagi o‘zgarishlar haqida xabarlar yo‘q”, deya ma’lum qildi JSST.