Qozog‘iston hukumati O‘zbekistonga Rossiyadan 1,5 mlrd dan 10 mlrd kub metrgacha gaz tranzit qilish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev so‘zlariga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Almasadam Satkaliyev jurnalistlarning Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranziti bo‘yicha savoliga quyidagicha javob bergan.

“Hozir biz indikativ tarzda 1,5 mlrd dan 10 mlrd kub metrgacha tranzit hajmini muhokama qilyapmiz. O‘zbekiston energetika tizimining va rossiyalik hamkorlarimizning gazni kerakli hajmda eksport qilishga tayyorligiga qarab [ta’minot hajmini] yanada oshirish mumkin bo‘ladi”, — deydi vazir.

Uning fikricha, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladi.

“Qozog‘iston uchun bu — tranzitdan qo‘shimcha daromad olish bilan bog‘liq masala. Biz gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bilasizki, ichki bozorga gaz yetkazib berish QazaqGaz uchun zararga ishlanadigan faoliyat hisoblanadi, shuning uchun, umuman olganda, tranzitdan olinadigan qo‘shimcha daromad QazaqGaz`ga yuklamani kamaytiradi va ta’mirlash, investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun nisbatan barqaror daromadni ta’minlaydi”, — deb tushuntirdi vazir.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yilning noyabr oyi oxirida Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi.

7-dekabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat qo‘shnilardan gazni “qandaydir alyans yoki ittifoq” orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini qayd etgan. Oradan bir kun o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “bu energetik alyans bo‘lishi mumkin”ligini aytgan.

24-yanvar kuni O‘zbekiston va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Biroq hujjat tafsilotlari keltirilmadi. Ushbu yangilik tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Energetika vazirligi “yo‘l xaritasi” bo‘yicha tushuntirish berdi. “Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, — deyiladi xabarda.

4-iyun kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev 2024-yilgi kuz-qish mavsumida mamlakat infratuzilmasi Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish uchun tayyor bo‘lishini ma’lum qilgandi. 16-iyun kuni Energetika vazirligi Rossiya gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston hududi orqali eksport qilish bo‘yicha Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida shartnoma imzolangani va unga muvofiq gaz yetkazib berish 2023-yilning to‘rtinchi choragidan boshlanishini xabar qilgan.

Keyinchalik kelishuv tafsilotlari bo‘yicha ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, hujjat ikki yilga tuzilgan, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metrni, yillik hajm deyarli 2,8 milliard kub metrni tashkil etadi. Lekin gaz qanday narxda sotib olinishi haligacha noma’lum. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bu bo‘yicha ma’lumot berolmasligini bildirgan. Narx bo‘yicha berilgan savolga vazir “Kelishuvdagi narxlar milliy manfaatlar, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, raqobatbardosh narxlar belgilandi”, — deya javob bergan.