11-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini iste’mol qilishi oqibatida kamida 65 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi.

Ayblanuvchilar 21 kishi (16 erkak va 5 ayol)ni tashkil etadi, jumladan, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori Sardor Kariyev va Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratar. Mazkur ish bo‘yicha ular Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, xususan, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish va berish, sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazishda ayblanmoqda.

“Eng og‘ir jazo tayinlanishini talab qilaman”

dok-1 maksJabrlanganlardan biri Sirojiddin Hasanovning Daryo nashriga ma’lum qilishicha, uning 5 yoshli o‘g‘li 2022-yil dekabrida “Dok-1 Maks” bilan zaharlangan.

“U og‘ir ahvolga tushib qoldi. O‘zimizning Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on shahridagi shifoxonaga olib bordik, u yerda shifokorlar birinchi noto‘g‘ri tashxis qo‘yishdi. Undan keyin Termizga olib bordik, u yerda bolada o‘tkir buyrak yetishmovchiligi aniqlandi. Bola siyishdan qoldi, siymay qoldi. Bolaning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun uni Toshkent shahri 16-shahar kasalxonasiga (Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, RSHTYOIM — tahr.) olib borishga majbur bo‘ldik”, — dedi u.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, bola 21-dekabr kuni markazga yotqizilgan va Samarqand viloyatidagi vaziyat — 2 oy ichida “Dok-1 Maks"dan 15 nafar bola vafot etgani 22-dekabr kuni ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng u siropning qolgan qismini ekspertizaga olib borgan va tarkibida zaharli etilenglikol miqdori 300 barobar ko‘pligi aniqlangan.

Bola RSHTYOIMga og‘ir ahvolda yotqizilib, darhol reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Bolaning ahvoli kundan-kunga yomonlashib, 7−10 kundan keyin komaga tushib qolgan.

“2023-yil 23-yanvargacha 1 oy 10 kun komada bo‘ldi. Shundan keyin Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib o‘tishga majbur bo‘ldik. U yerda 25-aprelgacha 5 oy davomida koma holatida yotdi… 100 dan oshiq gemodializ oldi (o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligida buyrakdan tashqari qonni tozalash usuli — tahr.)… 15−20 dializdan keyin bola ozroq-ozroq — 40−50 gramm siya boshladi”, — dedi u.

Sirojiddin Hasanov suddan ayblanuvchiga eng yuqori va eng og‘ir jazo tayinlashni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishda atigi ikki nafar da’vogar bo‘lsa ham, jabrlanuvchilar ko‘p. Ular shifoxonada o‘tkazgan besh oy davomida “har kuni, kunora” o‘lim holatlari ro‘y bergan.

Jabrlanuvchi Quramax Medikal direktori Ragnevdra Pratarning advokati vegetarianizmga rioya qilgan sudlanuvchining dinini hisobga olgan holda ehtiyot chorasini qamoqdan uy qamog‘iga o‘zgartirish haqidagi iltimosiga qarshi chiqdi.

“Bu narsaga mutlaqo qarshimiz. Uning uy qamog‘i jazosini olishga umuman haqqi yo‘q. Eng oliy jazoni qo‘llashsa ham, bu ularga kam”, — dedi jabrlangan bolaning otasi.

“O‘g‘lim nogiron bo‘lib qoldi”

dok-1 maks

Yana bir bolaning otasi Feruz Nuritdinovning aytishicha, 2022-yil dekabr oyi boshida bolaga shamollashga qarshi “Dok-1 Maks” siropi berilgan.

“Oldin ichirardik, yaxshi edi. Oradan uch kun o‘tib, nima ichsa ham qayt qilishni boshladi… Undan keyin o‘zim ishlaydigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib bordik. U yerda UZI qilib, tekshirib ko‘rdilar. Bolaning ikkita buyragi ishlamayapti, zudlik bilan Toshkentga olib ketinglar, deyishdi”, — deydi u.

Bola Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib borilgan.

“Uch kundan keyin gemodializ tufayli gapira olmay qola boshladi, undan keyin 21-dekabr kuni koma holatiga tushib qoldi. Ikki oydan keyin, 23-fevral kuni komadan chiqdi. 65 kun komada yotdi. Bu holatda qo‘llari tortishib, qiyshayib, tonuslar paydo bo‘ldi. Komadan chiqishdan oldin bosh miyada jarrohlik operatsiyasini qilishdi. Har xil bosimlar borligi sababli komadan chiqa olmayotganini aytishdi. Jarrohlik operatsiyasidan keyin bolam komadan uyg‘ondi”, — dedi u.

Feruz Nuritdinovning aytishicha, operatsiyadan keyin bolaning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Bola birinchi guruh nogironi bo‘lib qoldi, yotoqda yotadi, gapirmaydi va yura olmaydi, katta hojatga esa klizma orqali chiqadi.

Erkakning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyalar uchun order olishgan, ammo barcha dori-darmonlarni o‘zlari xarid qilishgan. Hozirgacha na Sog‘liqni saqlash vazirligi, na sudlanuvchilarning hech biri yordam ko‘rsatmadi, dedi u.

Erkakning taxminiga ko‘ra, dori vositasidan zaharlanish oqibatida rasman xabar qilingan 65 dan ko‘proq bolalar vafot etgan bo‘lishi mumkin.

Dekabr oxirida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq holat bo‘yicha Quramax medical hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar hibsga olinganini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi Marion Biotech kompaniyasining barcha dorilari, jumladan “Sinepar kid”, “Travamaks” va “Ambronol” savdosini to‘xtatdi.

DXX ushbu preparatlar “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilgani hamda ularga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilganini ma’lum qildi. Biroq, avval xabar qilinganidek, o‘rganish jarayonida me’yoriy hujjatlar talablari qo‘pol ravishda buzilgan va natijada sifatsiz dori vositalarining sotuvga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Fevral oyida Farmatsevtika agentligi va Dori vositalarini ekspertiza va standartlashtirish markazining sobiq rahbari Sardor Qoriyev ham qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Marion Biotech o‘z mahsulotlarida suyuq yuvish vositalari, antifrizlar, bo‘yoqlar va boshqa mahsulotlarda qo‘llaniladigan zaharli modda — sanoat propilenglikol ishlatgan bo‘lishi mumkin.

“Dok-1 Maks” siropi sotuvi 2022-yil 22-dekabrda to‘xtatilgan, ammo Sog‘liqni saqlash vazirligi oradan bir hafta o‘tibgina aholini ushbu dorini sotib olmaslikka chaqirilgan SMS xabarnoma tarqatdi. SSVning o‘sha vaqtdagi rahbari Behzod Musayev “Dok-1 Maks” siropini qabul qilgan bolalar o‘limi haqidagi ma’lumotlar Sog‘liqni saqlash vazirligidan yashirilganini ma’lum qildi.