Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida gaz sanoati sohasida uch tomonlama ittifoq tuzilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

“2022-yil noyabr oyida Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida gaz sanoati sohasida uch tomonlama hamkorlikni shakllantirish tashabbusi Rossiya tomonidan e’lon qilingan edi. Shu bilan birga, na Rossiya, na O‘zbekiston tomonidan rasmiy takliflar bo‘lmagan. Bu davlatlar bilan gaz sohasida hamkorlik o‘zaro manfaatli sheriklik asosida ikki tomonlama formatda amalga oshirilmoqda”, — dedi Energetika vazirligi rasmiy vakili Shingis Ilyasov.

Qozog‘istonning gaz uzatish tizimi Rossiya gazini O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha tranzit qilish imkoniyatlariga ega ekanligini hisobga olib, Qozog‘iston hukumati va “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida Markaziy Osiyo — Markaz" magistral gaz quvuriga tayyorganlik ko‘rish bo‘yicha tashkiliy ishlar yuzasidan chora-tadbirlar rejasi imzolangani eslatib o‘tildi.

Shunday qilib, bugungi kunda Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga olib o‘tish uchun “Markaziy Osiyo-Markaz” markaziy gaz quvurini texnik jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ularni yakunlash 2023-yil 1-oktabrga belgilangan, deya xulosa qildi rasmiy vakil.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi” kengayishi mumkinligi bo‘yicha berilayotgan bayonotlardan jiddiy xavotirda ekanini ma’lum qilgan edi. “Masala boshqa davlatlarning, jumladan, Turkmanistonning manfaatlariga ta’sir qilishini hisobga olsak, to‘liq aniqlik talab etiladi”, — dedi “Turkmangaz” davlat konserni raisining o‘rinbosari Mirad Archayev.

Ma’lumot o‘rnida, 2022-yilning noyabr oyi oxirida Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi.

7-dekabr kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat qo‘shnilardan gazni “qandaydir alyans yoki ittifoq” orqali emas, balki tijorat shartnomasi doirasida import qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazayotganini qayd etgan. Oradan bir kun o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “bu energetik alyans bo‘lishi mumkin”ligini aytgan.

24-yanvar kuni O‘zbekiston va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Biroq hujjat tafsilotlari keltirilmadi. Ushbu yangilik tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Energetika vazirligi “yo‘l xaritasi” bo‘yicha tushuntirish berdi. “Bunda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetimizga qandaydir tahdid umuman yo‘q”, — deyiladi xabarda.