Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-avgust kuni Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda Markaziy bankka 2024-yildan boshlab har yili tijorat banklariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kamida 2 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Bundan tashqari, regulyatorga quyidagi shartlar asosida kredit mablag‘lari ajratish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan:

  • oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yangidan tashkil etilgan, hisob raqamida mablag‘ yetarli darajada aylanmagan tadbirkorlik subyektlariga, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun garov ta’minotidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 1 000 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (330 mln so‘m);
  • yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish hamda ishlab chiqarish jarayonidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash, bilim va salohiyatini oshirish maqsadida ularning xorijiy davlatlarda tahsil olishlari uchun 4 yillik imtiyozli davr bilan 10 yil muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda.

Avval bank sohasida ishlagan moliyachi Otabek Bakirov bu hujjat loyihasi Markaziy bank bilan kelishilganmi, huquqiy ekspertizadan o‘tganmi, degan savollarni berdi.

“Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, regulyator likvidlilikning vaqtinchalik taqchilligi yuzaga kelganda to‘lovlarning uzluksizligini ta’minlash maqsadida likvidlilikni saqlab turish uchun tijorat banklariga uch oygacha bo‘lgan muddatga qisqa muddatli kreditlar tarzida tezkor yordam berishga haqli. Mazkur kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning boshqa kreditlariga doir amaldagi stavkalardan kam bo‘lmasligi va u bankning aktivlari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.

“Qonun harfi va mohiyatiga ko‘ra Markaziy bank loyihalarni bevosita va bilvosita kreditlashga haqli emas. Chunki Markaziy bankning puli yo‘q (agar sodda aytganda, qo‘shimcha pul bosib chiqarishni boshlamasa). Shuningdek, qonunda aniq yozib qo‘yilgan: „Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, boshqa davlat organlariga va tashkilotlariga, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermaydi“”, — deydi moliyachi.

Bungacha oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (“suveren jamg‘arma”, mamlakat konsolidatsiyalangan budjetining bir qismi) yoki Moliya vazirligi tomonidan davlat budjeti mablag‘lari, yevroobligatsiyalar yoki kreditlar hisobidan ajratilardi. Lekin, birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston davlat budjetining xarajatlari daromadlaridan 29 trillion so‘mga (2,5 milliard AQSh dollari) oshib ketdi. 2023-yil oxirida profitsit prognoz qilinganiga qaramay, defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi. Konsolidatsiyalangan budjet (davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasini o‘z ichiga oladi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar hozircha ochiqlanmadi.

Prezident 2-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “mahalla yettiligi” kafolati ostidagi oilaviy tadbirkorlik subyektlariga garovsiz kreditlar limiti 33 million so‘mdan 100 million so‘mgacha oshirilishini ma’lum qilgandi. Mablag‘larning bir qismi naqd pulda berilishi mumkin.

Mazkur yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankning ikki viloyatdagi boshqarmalari rahbarlarini, shuningdek, ayrim hududlarda muammoli kreditlar ko‘pligi sababli bir qator bank filiallari rahbarlarini ishdan bo‘shatishni tavsiya qilgandi. Shuningdek, u oilaviy tadbirkorlik krediti hisobidan texnika va mahsulotlar xarid qilish tartibini tanqid qilgan.