8-avgust kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 74 yoshli piyoda vafot etdi. Bu haqda poytaxt YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Soat 23:50 da tumanning Kichik halqa avtomobil yo‘li ko‘chasida 21 yoshli haydovchi Malibu avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan piyoda — 1949-yilda tug‘ilgan M.H.ni urib yuborgan.

YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan holda transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Yuqoridagi modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxslar muayyan huquqdan mahrum qilinib, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi belgilangan.

Avvalroq “Gazeta.uz” O‘zbekistondagi YTHlarning qariyb yarmi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq ekani, shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan haydovchilar qanday jazolanayotgani bo‘yicha sudlarning tasodifiy 50 ta qarorini o‘rgangandi. Jarayonda piyoda o‘limi uchun biror-bir haydovchi qamalmaganini ko‘rish mumkin.