Andijondagi Sino International xorijiy korxonasi Nike krossovkalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, deya xabar berdi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati. Jahonga mashhur brend krossovkalarining birinchi partiyasi allaqachon korxona konveyerlaridan chiqdi.

2019-yilda Nike kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z brendi ostida sport poyafzallarini ishlab chiqarishga rasman ruxsat bergan edi. Ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirish uchun Sino International 5 yil davomida Nike tomonidan talab qilinadigan barcha xalqaro sifat standartlarini to‘liq amalga oshirdi. “Muayyan ishlab chiqarish liniyalari yaratildi, ishchilar uchun munosib mehnat sharoitlari va yuqori sifat nazorati tashkil etildi, — deyiladi xabarda.

“Nike sport poyafzali ishlab chiqariladigan har bir mamlakat uchun rasmiy shtrix-kodni taqdim etadi. O‘zbekiston ham ushbu shtrix kodni olgan. Bu Andijondagi korxona jahon brendidagi barcha rusumdagi krossovkalarni ishlab chiqarish huquqiga ega ekanligini anglatadi”, — deyiladi xabarda.

Sino International kompaniyasida 50 kishi mehnat qilmoqda. Sport poyafzallarining tagligi va ustki qismini qoliplash liniyalari ishga tushirildi. O‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasi Nike kompaniyasining Xitoydagi filiali texnologlari, dizaynerlari va tikuvchilari tomonidan oshirilmoqda.

Hozir korxonada kuniga 6 ming juft krossovka ishlab chiqarilmoqda. Yil oxirigacha korxona quvvatini ikki barobarga oshirish, kelgusida esa yillik quvvatni 3 mln donaga yetkazish rejalashtirilgan.

Nike strategiyasiga muvofiq, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan krossovkalar allaqachon Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga yetkazib berilmoqda, 2024-yildan Pokistonga, kelajakda esa Yevropa davlatlarida sotiladi.