Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan tuman Kengashi sessiyasida Shuhrat Shahobutdinovich Mirzayev Toshkent viloyati Bekobod tumaniga hokim etib tayinlandi, deya xabar qildi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Mirzayev 1982-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent moliya instituti (2004), Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali (2007), Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini (2009) tamomlagan.

Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar “Qishloq qurilish bank” Buxgalteriya hisobi va hisoboti departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Bungacha Kengash 2020-yil fevralidan buyon tumanga rahbarlik qilgan avvalgi hokim Furqat Xudoyberdiyevni lavozimidan ozod etishni ma’qullagan edi.

bekobod tumani, shuhrat mirzayev

Zoyir Mirzayev.

Sessiyada viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Xudoyberdiyevning ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘lgan muammolarni sanab o‘tdi.

U viloyatdagi eng og‘riqli muammo toza ichimlik suvi ekanini ta’kidladi. Joriy yilda tuman aholisini markazlashgan holda ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 3 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi. Yaqin kelajakda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash 37 foizdan 75 foizga oshishi kutilmoqda.

Unga ko‘ra, umuman olganda, Bekobod uchun respublika budjetidan mablag‘ ajratishda muammo yo‘q.

Eksport qiluvchi korxonalar bilan ishlash, qurilish-ta'mirlash ishlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi nazoratdan chetda qolmoqda, dedi Mirzayev.

Uning qayd etishicha, aholi suv ta’minoti xizmatlari uchun to‘lovlarning atigi 32 foizini to‘lagan.

Bundan tashqari, 10 mingdan ortiq yigit-qiz xorijda mehnat muhojirlaridir. Ularni olib kelish, ish bilan ta’minlash ishlari e’tibordan chetda qolmoqda. “Bu boradagi ishlarni qattiq nazoratga olish kerak. Bugungi kunda 85 gektar yer kimoshdi savdosiga qo‘yilgan. Lekin sotilgani yo‘q. Chunki qarovsiz yerlar suv ta’minotisiz sotuvga qo‘yilgan”, — dedi viloyat hokimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tumanda 3271 nafar bola bog‘chaga bormaydi. 25 ta mahallada umuman bog‘cha yo‘q.

“Yoshlar daftariga” kiritilgan 1698 nafar yoshlardan atigi 977 nafari yordam olgan. Bu borada Bekobod tumani eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi, — dedi Zoyir Mirzayev.

Sobiq tuman hokimi o‘tgan olti oy davomida bor-yo‘g‘i 6 marta targ‘ibot tadbirlari o‘tkazgan va 47 nafar fuqaro bilan muloqot qilgan. Natijada viloyat, respublika boshqarma va tashkilotlariga tuman aholisidan kelib tushgan murojaatlar soni ikki barobarga oshgan.