Payshanba kuni internetda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunova o‘rtasidagi mojaro aks etgan video tarqaldi. Pedagog u ishdan bo‘shatilganini e’lon qilgani uchun viloyat hokimi bilan bahsga kirishgan.

OAV uning 10 kunga qamoqqa olingani, chiqqanidan keyin yana ushlangani haqida xabar berdi. Maktab ta’limi vaziri direktor hibsdan ozod etilgani va o‘z lavozimida ishlashda davom etishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng vazir Hilola Umarova Umida Tursunova bilan telefon orqali muloqot qilib, hol-ahvol so‘radi. Direktor esa 7 kun qamoqda bo‘lgani, hozir ahvoli yaxshiligini aytdi. Umarova keyinroq Surhondaryoga tashrif buyurishi va masala yuzasidan bafurja gaplashib olinishini ta’kidladi. Maktab direktori uni bundan keyin tinch qo‘yishmasligidan qo‘rqayotganini aytgan bo‘lsa, vazir havotir olmaslikni va pedagog davlat himoyasidaligini eslatib o‘tdi.

Tarmoqlarda nafaqat maktab direktori va viloyat hokimi o‘rtasidagi mojaro, balki bunga vazirning munosabati ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Jumladan, Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” UMH raisi Bobur Bekmurodov vazir pedagoglarning himoya ostida ekanligi haqida jamiyatga to‘g‘ri signal berganiga minnatdorchilik bildirdi. “O‘zbekistonda o‘qituvchilarga hurmat — jamiyatimiz qadriyati ekanligini har bir rahbar, u hokim bo‘ladimi, boshqasimi, albatta anglab yetishi va his etishi zarur”, — dedi deputat.

“Hokim mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatini sodir etdi”

Inson huquqlari Ezgulik jamiyati rahbari Abduraxmon Tashanov esa viloyat hokimining bu harakatini “Konstitutsiyaga tajovuz qilish” deb atadi.

“Mehnat Kodeksining 170-moddasiga ko‘ra, maktab direktoriga ish beruvchi Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hisoblanarkan, hokim bu buyrug‘i bilan mansab vakolatidan chetga chiqish va uni suiiste’mol qilish jinoyatini sodir etdi. Majlisda hokimning qaroriga e’tiroz bildirgan maktab direktori MJtKning mayda bezorilik moddasi bilan jarimaga tortilib, qamoqqa tashlandi. Sudning hokim istagini qonunlashtirishi va shaxsni adolatsiz hibsga olish qarori yurtdoshlarimiz uchun yangilik emas, albatta. Ammo bu qonunbuzarlikning jamoat ko‘z o‘ngida sodir etilishi millat va davlat uchun misli ko‘rilmagan hurmatsizlikdir”, — deydi u.

Shuningdek, huquq faolining fikricha, hokim qilgan hurmatsizlikning badali ikki hissa yuqori bo‘lishi kerak.

“Menimcha, bu holatga Oliy sud va Bosh prokuratura darhol izoh berishi zarur. Maktab direktorining lavozimiga munosibligi ma’suliyati tegishli vazirlik zimmasidagi ishdir. Biz yangi Konstitutsiya muqaddimasini mamlakatning huquqiy davlat ekani haqidagi norma bilan boshladik. Agar muqaddimadayoq unga tajovuz qilsak, unga to‘la amal qilishni o‘ylamasak ham bo‘ladi”, — deya izoh qoldirdi u.

Huquqshunos Saidali Muxtoraliyev esa hokim qonun oldida javob berishi kerak, degan fikrda. Uning ta’kidlashicha, katta ehtimol bilan maktab direktoriga nisbatan qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudya hokimlik bosimi ostida mustaqil harakat qilmagan bo‘lishi mumkin.

“Maktab direktori alohida himoyaga olinmas ekan, unga nisbatan har xil asossiz bo‘xtonlar o‘ylab topilishi hech gap emas. Bundan tashqari, bu opaga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi haqida qaror chiqargan sudyaning masalasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan albatta ko‘rib chiqilishi kerak. Gap bu yerda sudyaning mustaqilligi haqida ketyapti. Hatto prezident sudyalarning mustaqilligi borasida qat’iy talablar qo‘yayotgan bir vaqtda, buni istamayotgan va bunga loyiq bo‘la olmayotgan sudyalarga tizimda umuman o‘rin yo‘q. Bu voqea ta’lim tashkilotlari faoliyatiga hokimlarning asossiz aralashuviga zudlik bilan barham berilishini talab etmoqda”, — dedi u.

Yana bir huquqshunos Botirjon Shermuhammad holat yuzasidan quyidagicha savol bergan:

maktab direktori, sariosiyo, surxondaryo

Skrinshot: Facebook.

maktab direktori, sariosiyo, surxondaryo

Skrinshot: Facebook.

Ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov ta’lim tizimiga hokimlarni umuman yaqinlashtirmaslik kerakligini aytmoqda.

“Umuman, mening fikrim: ta’lim tizimiga hokimlarni umuman yaqinlashtirmaslik kerak. Bu fikrni bir necha yil oldin bildirgandim, hali ham shu fikrim o‘zgarmagan… Prezidentning 2023-yil 26-maydagi 79-son farmonida ham maktab direktorlarini ishga olish — va demakki, ishdan bo‘shatish — vakolati hokimlarga berilmagan). Shunday ekan, viloyat hokimining bu xatti-harakatlariga qonuniy baho berilishi kerak deb o‘ylayman. Lekin de-fakto hududning deyarli cheksiz vakolatlarga ega “kichkina xoni"ga aylangan hokimning harakatlariga baho berishga kim ham jur’at qilardi? Bu bilan direktor yaxshi yoki yomon demoqchi emasman, lekin uning yaxshi yoki yomonligiga o‘zining bevosita ish beruvchisi baho berishi kerak. O‘sha gap: o‘zimiz qabul qilgan qonunlarga o‘zimiz rioya qilaylik”, — dedi u.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa ko‘pchilik bir kishining ovozini o‘chirishga uringaniga e’tibor qaratgan.

“Videoni ko‘rib, viloyat hokimligi vaziyatni o‘rganmagan yoki adolatsiz qaror qabul qilgan degan fikr shakllandi. Hokimlikdan ko‘pchilik bo‘lib shu bitta maktab direktorini ovozini o‘chirishga harakat qilishdi. Opa ham o‘z haq-huquqi uchun tortishdi. Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”, — deydi u.

Mazkur holatdan ta’sirlanib, agar mojaro oxirida hokimning qo‘li baland kelsa, ta’lim tizimiga umuman qaytmasligini aytganlar ham yo‘q emas. Ulardan biri Dilbar Haydarova:

maktab direktori, sariosiyo, surxondaryo

Sharifa Murod esa vazirning bayonotiga e’tiroz bildirgan:

maktab direktori, sariosiyo, surxondaryo

Barnogul Sanaqulova esa viloyat hokimi o‘zining shaxsiy fikrini bildirgan pedagogni chiqarib yuborishni buyurganini tanqid ostiga olgan.

maktab direktori, sariosiyo, surxondaryo