Internetda bir guruh ayollar Toshkent viloyatining Angren shahridan o‘tuvchi A-373 yo‘lini to‘sib qo‘ygani aks etgan video tarqaldi.

Shahar hokimligining xabar berishicha, bu 10-iyul kuni sodir bo‘lgan. Sungreen Tex tekstil fabrikasi xodimlari besh ish kunidan olti ish kuniga o‘tish tartibiga (rejimiga) o‘zgartirilishiga norozilik bildirib, “Ohangaron” ko‘chasini to‘sib qo‘yishgan.

Alisher Raimov boshchiligidagi rahbar va mutasaddilar voqea joyiga yetib kelishgan va ishchi-xodimlarning e’tirozini tinglab, korxona rahbariyatiga murojaat qilishgan.

“Korxona ma’muriyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘zaro muloqotlar ishchi-xodimlarning foydasiga hal bo‘lgan. Muammo joyida bartaraf etilgan”, — deyiladi xabarda.

Sungreen Tex qo‘shma korxonasi 2010-yil iyul oyida tashkil etilgan. Kiyim-kechak, jumladan, bolalar kiyimlari, to‘qimachilik materiallari va ip-kalava ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Mahsulotlarning asosiy qismi eksport qilinadi.

Zavodda 750 ga yaqin kishi ishlaydi. Ta’sischilar — Vladislav Muzika (54,2%) va Natalya Astashova (45,8%).