“O‘zbekneftgaz” kompaniyasiga qarashli UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalarida mart oyi o‘rtalarida joriy etilgan Ai-92 benziniga “bahoriy” chegirmalar to‘xtatildi. Bu ma’lumot yonilg‘i quyish shoxobchalarida tasdiqlandi.

Chegirma vaqtida ushbu markadagi benzinning litri narxi 7500 so‘mni tashkil qildi (boshqa kompaniyalarning yonilg‘i quyish shoxobchalarida qimmatroqligicha qoldi). Yangi narx esa 8600 so‘m. Chegirma joriy etilgunga qadar amalda bo‘lgan narx 9000 so‘mdan oshiqroqni tashkil etardi.

“O‘zbekneftgaz” 1-maydan boshlab chegirmani bekor qilishni rejalashtirgan, ammo bu qaror noma’lum muddatga qoldirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident qarori bilan Ai-80 benzini uchun aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash muddati 2023-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilgan. U o‘tgan yilning dekabr oyida yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatining cheklanishi va benzinga bo‘lgan talabning oshishi munosabati bilan joriy qilingan edi.

UNG Petro yonilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini litrining narxi 6050 so‘mligicha qolmoqda.

“Gazeta.uz” muxbirining maʼlum qilishicha, 1 avgust kuni narxdagi o‘zgarishlar ortidan Ai-80 benziniga navbatlar hosil bo‘la boshlagan.