O‘zbekistonda 2030-yilga borib jiddiy oqibatlarga olib keladigan yo‘l-transport hodisalari sonini kamida 50 foizga qisqartirish rejalashtirilmoqda. Bu bir kun avval muhokama uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston-2030” strategiyasi loyihasida nazarda tutilgan.

Hujjatda 2023-yilga mo‘ljallangan yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish ko‘rsatkichlari mavjud emas. 2024-yilda bu ko‘rsatkichni 10 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlarni kamaytirishning maqsadli parametrlari loyihaga kiritilmagan.

Avvalroq mamlakatda birinchi yarim yillikda 4 mingga yaqin YTH qayd etilgani, 873 kishi halok bo‘lgani, 3500 dan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilingandi.

Bu ko‘rsatkichlar 2022-yilning birinchi yarmiga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘lib, o‘tgan yilning bu davrida 3559 ta YTH ro‘y bergan, 784 kishi halok bo‘lgan va 2775 kishi jarohat olgan.

2023-yil uchun Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan yo‘l-transport hodisalari va ulardagi o‘lim holatlarini 15 foizga kamaytirish rejasi qo‘yilgan, biroq, ko‘rib turganingizdek, hozircha faqat o‘sish kuzatilgan.

Prezident yaqinda Farg‘onada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidovga hayfsan bergan.

Strategiya loyihasida respublikadagi barcha tartibga solinmagan, 2 va undan ortiq polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash bandi ham kiritilgan.

Loyihada, shuningdek, 2023-yil uchun hech qanday parametr mavjud emas, 2024-yilda esa barcha o‘tish joylarining 50 foizida svetoforlar o‘rnatish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz” ko‘p polosali ko‘chalarda tartibga solinmagan o‘tish joylari bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘p marta yozgan. Rivojlangan mamlakatlarda piyoda bir nechta polosani kesib o‘tishi kerak bo‘lsa, svetofor o‘rnatiladi. Toshkentda tartibga solinmagan chorrahalardagi svetoforlar odatda o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisalaridan keyin paydo bo‘ladi.

O‘tgan yili Toshkent shahridagi bir qator yirik chorrahalarni rekonstruksiya qilish jarayonida “birdan ortiq polosa — svetofor kerak” tamoyili belgilab qo‘yilgan, biroq bu amaliyot butun shahar bo‘ylab yoyilmagan.

Butun strategiya loyihasida yo‘l harakati xavfsizligi sohasiga tegishli bo‘lgan faqatgina ikkita band mavjud.

O‘zbekistonda bir necha yillardan beri yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlanish holatlarini kamaytirish uchun Vision Zero (YTHlarda o‘lim darajasini nolga tushirish) konsepsiyasini joriy etish rejalari haqida gapirilmoqda (bu haqda strategiya loyihasida qayd etilmagan).

Bu vaqt ichida yagona real o‘zgarish shaharlar va viloyat markazlarida ruxsat etilgan transport tezligining 70 dan 60 km/soatgacha tushirilishi bo‘ldi.