Xorazm viloyati Xonqa tumanida korxonadan tarkibida ifloslantiruvchi moddalari bo‘lgan oqova suvlar chiqishi oqibatida 2600 dan ortiq baliq nobud bo‘ldi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, “Madir” qishlog‘i va “Ilg‘or” mahallasida joylashgan “Xonqa billur salt” tuz va yodlangan tuz mahsulotlari ishlab chiqarish xususiy korxonasi tomonidan tuzlarni qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan, tarkibida ifloslantiruvchi moddalari bo‘lgan oqova suvlar zaxkashga oqizilgan.

Oqibatda zaxkashda 2370 ta karas, 240 ta gambus, 46 ta shamayka, 5 ta lesh, 3 ta ilonbosh va 1 ta oq amur — jami 2665 ta turli xildagi baliq nobud bo‘lgan. Hayvonot dunyosiga jami 223 mln 380 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Xonqa tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 196-moddasi 1-qismi (Atrof tabiiy muhitni ifloslantirish: yerlarni ifloslantirish yoki buzish, suv yoki atmosfera havosini ifloslantirish odamlarning ommaviy ravishda kasallanishi, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi tugatilgan.

Mazkur qarorning qonuniyligi tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, bekor qilingan va tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Xonqa tumani IIB huzuridagi TGga yuborilgan. Jinoyat ishining tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.