2023-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda gaz qazib olish 23,5 mlrd kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 2,51 mlrd kub metrga kamaydi. “Gazeta.uz” Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarini o‘rgandi.

Yanvar oyida 4,31 mlrd kub metr (2022-yil yanvariga nisbatan -7,5 foiz), fevralda 3,85 mlrd (o‘tgan yilning fevraliga nisbatan -9 foiz), martda 4,16 mlrd (-12,96 foiz), aprelda 3,94 mlrd (-8,1 foiz), may oyida 3,6 mlrd (11,2 foiz) gaz qazib olingan. Iyun oyida qazib olish 3,7 mlrd (-8,9 foiz)ga kamaydi, bu bir oy avvalgi ko‘rsatkichdan biroz ko‘p.

Birinchi yarim yillikda elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,3 foizga yoki 1,58 mlrd kVt·soatga oshgan, ya’ni 36,5 mrld kVt·soatdan 38 mlrd kVt·soatga yetgan.

Iyun oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan oyga (so‘nggi yillarda rekord ko‘rsatkichga) nisbatan 7,8 foizga qisqardi — 7,3 mlrd dan 6,7 mlrd kVt·soatgacha. Shu bilan birga, bu o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 10,2 foizga ko‘p hisoblanadi.

Yanvar oyidagi energetika inqirozidan keyingi dastlabki oylarda ishlab chiqarish o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan past edi.

Qayd o‘tib o‘tish kerakki, mart, aprel, may va iyun oylari uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar Statistika agentligi tomonidan o‘sish tomonga qarab qayta ko‘rib chiqilgan. To‘rt oy davomida dastlabki va yakuniy ishlab chiqarish ma’lumotlari o‘rtasidagi farq 4,4 mlrd kVt·soatdan oshadi. Energetika vazirligi avvalroq Statistika agentligi davlat-xususiy sheriklik doirasida qurilgan stansiyalar (shu jumladan, quyosh fotoelektr stansiyalari) ko‘rsatkichlarini hisobga olmasligini ta’kidlagan edi. Agentlikning tushuntirishicha, bu stansiyalar kichik obyektlar bo‘lib, qonunga ko‘ra, yirik korxonalar kabi har oyda emas, balki yiliga bir marta ma’lumotlarni taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 85 foizdan ortig‘i gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi.

Olti oyda issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 7,4 foizga, gaz kondensatini ishlab chiqarish esa 7,2 foizga kamaydi.

Yilning birinchi yarmida ko‘mir qazib olish o‘tgan oylardagi keskin pasayishdan keyin o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarga qaytdi. Yanvar-iyun oylarida ishlab chiqarish hajmi 2,49 million tonnaga (-0,3 foiz) yetdi. Iyun oyida so‘nggi yillardagi rekord ko‘rsatkich qayd etildi — 517,1 ming tonna. Bu 2022-yil iyuniga nisbatan 17,7 foizga ko‘p.

Neft qazib olishning o‘sishi sekinlashishda davom etmoqda va 391,3 ming tonnaga yetdi (o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan +2,1 foiz). Iyun oyida 63,7 ming tonna mahsulot ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,7 foizga kam.

Yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 650,9 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 15,7 foizga ko‘p. May oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida olib borilgan ta’mirlash ishlari tufayli ishlab chiqarish keskin pasayib ketganidan so‘ng iyun oyida deyarli ikki baravar ko‘proq — 100,1 ming tonna yoqilg‘i ishlab chiqarildi.