Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2023-yilning besh oyida 1519 ta yo‘l obyektida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 389 ta qoidabuzarlik aniqlandi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Umumiy foydalanishdagi hamda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini va sun’iy inshootlarni (tunnellar, ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar) qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash, saqlash obyektlarida tekshirishlar o‘tkazilgan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra “O‘zyo‘linspeksiya” tomonidan buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, saqlovchi va boshqa tashkilotlarga qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar taqdim etilgan bo‘lib, shundan 254 tasi majburiy hisoblanadi. Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar 202 ta qoidabuzarlik bartaraf etilgan.

Qo‘pol ravishda qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan va davlat inspektorlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan mansabdorlarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanishi uchun 20 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi hamda 14 ta holat bo‘yicha 19,8 mln so‘mlik jarima qo‘llandi.

52 ta holatda 1 milliard 958 million so‘mlik sifatsiz qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarib tashlash to‘g‘risida talabnoma kiritilgan. Hozirgacha 619 million so‘mlik 31 ta talabnoma bajarilgan.

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev avvalroq vazirlik va idoralar bo‘ysunuvidagi tekshiruvchi organlarning mustaqilligini shubha ostiga olgandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 11-iyul kuni qayta saylanganidan keyingi birinchi yig‘ilishda respublika darajasidagi qator rahbarlarni, jumladan, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyevni lavozimidan ozod qilgandi. Uning o‘rniga avval Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelgan Jamshid Tursunov tayinlangan.