“Katta yettilik” davlatlari (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Kanada) Ukraina uchun G7`dan harbiy yordam va xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Deklaratsiya 12-iyul kuni NATOning Vilnyusdagi sammitida qabul qilindi.

“Biz Ukraina xavfsizligi Yevro-Atlantika mintaqasi xavfsizligining ajralmas qismi ekanini tasdiqlaymiz”, — deyiladi hujjatda.

Deklaratsiyaga ko‘ra, G7 davlatlari Ukraina uchun xavfsizlik bo‘yicha “aniq, ikki tomonlama va uzoq muddatli” majburiyatlarni ishlab chiqish niyatida. Buning uchun uchta asosiy yo‘nalish mavjud:

  • “Ukrainani ayni damda himoya qilish va kelajakda Rossiya agressiyasini to‘xtatish”ga qodir qurolli kuchlarni yaratish. Bu zamonaviy qurol-yarog‘larning doimiy ta’minlanishi bilan bog‘liq bo‘ladi (havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya, uzoq masofali zarba beruvchi qurollar va zirhli transport vositalariga ustuvorlik beriladi); Ukraina harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish; ukrain harbiylarini tayyorlash; razvedka sohasidagi hamkorlik; kiberxavfsizlik sohasida yordam ko‘rsatish;
  • Ukraina iqtisodiyotini mamlakatni tiklash va energiya xavfsizligini ta’minlash orqali mustahkamlash;
  • Rossiyaning joriy bosqinining oqibatlarini bartaraf etish uchun Ukrainaga texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatish.

Ukraina, o‘z navbatida, quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi:

  • turli sohalarda, jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud-huquq tizimi faoliyati, korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlari va ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlarni davom ettirish;
  • qurolli kuchlar ustidan fuqarolik nazoratini kuchaytirish va mudofaa institutlarida shaffoflikni ta’minlash orqali mudofaa va armiyani modernizatsiyalash sohasidagi islohotlarni davom ettirish.

“Bu xavfsizligimizni ta’minlash uchun mutlaqo yangi imkoniyatlarni yaratadi”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy deklaratsiyani e’lon qilish marosimida.

Kremlda G7 davlatlarining Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishi “Rossiya xavfsizligiga tajovuz” deya baholandi. “Bu salbiy oqibatlarga olib keladi va Yevropani uzoq yillar davomida yanada xavfliroq qiladi”, — deya bayonot berdi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Vilnyusdagi sammitda NATOga a’zo davlatlar ham “Ukraina kelajagi NATOda” degan kommunike qabul qildi, biroq mamlakat “ittifoqchilar rozi bo‘lgan va shartlar bajarilgandagina” ittifoqqa qo‘shilish taklifini oladi. Shu paytgacha NATO Ukrainani a’zolik masalasida qo‘llab-quvvatlashga va’da berib kelmoqda.

Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari birinchi yig‘ilishi Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO-Ukraina kengashini tuzishga qaror qildi. Natijada Ukraina uchun alyansga qo‘shilish bo‘yicha Harakatlar rejasi bekor qilindi, bu uning NATOga kirish jarayonini tezlashtiradi.