Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba NATO davlatlari Ukrainaning harbiy blokka a’zo bo‘lish bo‘yicha arizasini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish yuzasidan kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Vazir bu haqda o‘zining Twitter sahifasida xabar berdi.

“Kuchli muzokaralardan so‘ng NATO ittifoqchilari Ukrainaning a’zolik yo‘lidan MAP [NATO`ga a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasi]ni olib tashlash bo‘yicha konsensusga erishdi. Men uzoq kutilgan bu qarorni olqishlayman, bu bizning NATO`ga yo‘limizni qisqartiradi. Shuningdek, hozirda Ukrainani a’zolikka taklif qilish masalasiga aniqlik kiritish uchun ham eng yaxshi vaqt”, — dedi Kuleba.

Ma’lumot o‘rnida, NATOga a’zolik bo‘yicha harakatlar rejasi (MAP) har bir potensial nomzod uchun alohida tayyorlanadi. Bunday reja aniq qadamlar va islohotlar ro‘yxatidan iborat, lekin ularni to‘liq bajargan mamlakatlar ham ittifoqqa a’zo bo‘lishi kafolatlanmaydi. Harakatlar rejasida potensial nomzodlardan “xalqaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilish” kutiladi.

2022-yil 30-sentabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining navbatdagi videomurojaatida mamlakat NATOga tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishini e’lon qilgandi.

“De-fakto, biz allaqachon NATO yo‘lini bosib o‘tganmiz. De-fakto, biz Shimoliy Atlantika alyansi standartlariga mos kelishimizni allaqachon isbotladik. Ular Ukraina uchun haqiqidir — ular jang maydonida va o‘zaro munosabatlarimizning barcha jabhalarida haqiqiydir”, — degandi Zelenskiy.