30-iyun kuni Toshkent viloyatidan o‘tuvchi Nurafshon-Ohangaron yo‘lida Damas va avtobus o‘rtasida YTH sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Damas qarama-qarshi yo‘lga chiqib, Istana mikroavtobusiga urilgan. Oqibatda 20 kishi jarohat olgan, Damas avtomobilining 2 nafar yo‘lovchisi — 1989 va 2000-yilda tug‘ilgan fuqarolar tibbiyot muassasasida vafot etgan.

Ta’kidlanishicha, mikroavtobus yo‘lovchilar bilan to‘la holatda harakatlangan. Damas`ning 90 foiz qismi pachoqlangan.

“Olib kelingan bemorlarning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Bugungi kunda 3 nafar bemor shifoxonamizning xirurgiya bo‘limida, ahvoli stabil. Qolgan bemorlar o‘zlarining turar joyidagi markazlariga jo‘natilmoqda”, — dedi Ohangaron shahri markaziy shifoxonasi bosh shifokori Nusratillo Xoliqov.

YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.