Ispaniyaning Talgo kompaniyasi O‘zbekiston uchun yana to‘rtta Afrosiyob elektropoyezdini ishlab chiqarishi haqida xabar berilgandi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ma’lumot noto‘g‘ri talqin qilingani, tezyurar elektropoyezdlar faqatgina Talgo kompaniyasidan emas, bir nechta kompaniyalardan sotib olinishini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, Ispaniyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Patentes Talgo kompaniyasi rahbari Karlos Palasio Oriol O‘zbekiston elchisi Jahongir G‘aniyevga O‘zbekiston uchun yana to‘rtta Afrosiyob elektropoyezdi ishlab chiqarishga tayyorligini ma’lum qilgan. Buyurtmani moliyalashtirish uchun Ispaniya hukumati huzuridagi Ispaniya kompaniyalarini xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIEM)dan uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni jalb qilish mumkinligi taklif etilgan.

“Hozirgi kunda yurtimizda oltita yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Jamiyat tomonidan yaqin yillar ichida zamonaviy, yuqori tezlikda harakatlanuvchi tezyurar poyezdlar sonini yana 4 taga ko‘paytirish rejalashtirilgan. E’tiborli tomoni shundaki, endilikda xarid qilinadigan yuqori tezlikdagi elektropoyezdlarni faqatgina Talgo kompaniyasidan emas, balki yo‘lovchilarning takliflarini o‘rgangan holda dunyodagi eng ko‘zga ko‘ringan zamonaviy elektropoyezdlar ishlab chiqaradigan kompaniyalardan xarid qilish ko‘zda tutilgan”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hozirda aksiyadorlik jamiyatining mutasaddi mutaxassislar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi dunyoning yetakchi kompaniyalarining takliflari o‘rganilmoqda. Bunda mamlakatning o‘ziga xos qish va yoz mavsumdagi iqlim sharoitlari inobatga olinmoqda, yo‘lovchilarni tashish sharoit va qulayliklari, yo‘lovchilar sig‘imi va boshqa jihatlar o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oktabr oyida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati sakkizta yangi yo‘nalishni ishga tushirishni rejalashtirayotgani, shu munosabat bilan tashkilot 34 ta zamonaviy elektropoyezd sotib olish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilgani haqida xabar berilgandi. O‘shanda kompaniya Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa va CRRC-Dalian kabi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari bilan harakat tarkiblarini yangilash bo‘yicha muzokaralar olib borgan.