May oyida O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish keskin kamaydi. Bu Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rganib chiqqan sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarida aks etgan.

Yanvar-may oylarida benzin ishlab chiqarish 550,8 ming tonnani tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, ishlab chiqarish yil boshidan buyon 3 baravar kamaydi, pasayish ketma-ket to‘rtinchi oy davom etmoqda: yanvar — 139,6 ming, fevral — 124,3 ming, mart — 121,4 ming, aprel — 119,3 ming, may — 46,2 ming tonna. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning may oyida 92,7 ming tonna yonilg‘i ishlab chiqarilgandi.

Yilning dastlabki besh oyida neft qazib olish 327,6 ming tonnaga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 foizga ko‘pdir. May oyida ishlab chiqarish 69,1 ming tonnagacha o‘sdi, bu 2022-yilning mayiga nisbatan (70 ming tonna) ozgina kamroq.

Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 2022-yilning yanvar-may oylariga nisbatan 2,2 barobarga — 231,9 ming tonnadan 504,3 ming tonnagacha o‘sdi. Agar yanvar oyida korxonalar tomonidan 50,5 ming tonna dizel ishlab chiqarilgan bo‘lsa, may oyida ishlab chiqarish hajmi 173,9 ming tonnaga yetdi.

Benzin ishlab chiqarishning qisqarishi fonida O‘zbekistonning ushbu mahsulot importiga qaramligi ortdi. Xususan, yilning dastlabki besh oyida 76,2 foizga ko‘proq — 852,4 million dollarlik neft va neft mahsulotlari import qilingan. Shundan 230,7 million dollarlik import birgina may oyining o‘zida amalga oshirilgan.

Yanvar-may oylarida O‘zbekistondan neft va neft mahsulotlari eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 barobarga oshib, 91,5 million dollarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston may oyida Rossiya neftining O‘zbekistonga tranzitini aprel oyiga nisbatan 1,7 barobarga oshirib, 14,2 ming tonnadan 23,7 ming tonnagacha ko‘paytirdi, deb xabar berdi “Kaztransoyl” (KTO) matbuot xizmati Reuters so‘roviga javoban. Shu bilan birga, iyun oyida O‘zbekistonga Rossiya neftini yetkazib berish rejasi 11,3 ming tonnagacha qisqartiriladi. 1-fevraldan kompaniya Rossiya neftini o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tashish tarifini bir tonna uchun 25,12 dollardan 27,9 dollarga oshirdi.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda gaz qazib olish besh oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga kamaygan. Uni ishlab chiqarish ketma-ket ikkinchi oy kamaymoqda — may oyida bu ko‘rsatkich 11,2 foizga kamaygandi. Buning fonida esa Xitoyga gaz eksporti qiymat jihatidan keskin oshdi.

“Gazeta.uz” avvalroq tabiiy gaz uchun soliq stavkalari 3 barobar, neft va gaz kondensati uchun 2 baravar kamaytirilgani tufayli O‘zbekiston davlat budjetiga 2022-yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun 538,1 milliard so‘m kamroq soliq tushgani haqida yozgan edi. Shu bilan birga, o‘tgan yili gaz qazib olish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish esa 2,8 foizga kamaydi. Neft qazib olish esa atigi 1,8 foizga oshdi.