BMT Inson huquqlari boshqarmasi 21-iyun kuni Erondagi vaziyat bo‘yicha yangi hisobotini taqdim etdi. Hisobot asosan o‘tgan yilning sentabrida 22 yoshli Jina Mahsa Aminiy o‘limi sabab bo‘lgan ommaviy norozilik namoyishlari ortidan mamlakatdagi o‘zgarishlarni qamrab oladi. Mahsa politsiya bo‘limida politsiya tomonidan qo‘lga olinganidan uch kun o‘tib vafot etgan edi.

BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi o‘rinbosari Nada Al-Nashif: “Erondagi umumiy inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat sanksiyalar va COVID-19 pandemiyasining uzoq davom etayotgan ta’siri tufayli og‘irlashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar fonida sezilarli darajada yomonlashdi” dedi.

Rekord darajadagi qatllar

O‘tgan yil davomida Eron sudlari ko‘plab o‘lim hukmlarini chiqargan.

“2022-yilda 582 kishi qatl etilgan. Bu 333 kishi qatl etilgani xabar qilingan 2021-yilga nisbatan 75 foizga ko‘pdir. 2022-yilda qatl etilganlar orasida uch nafar bola ham bor edi. Qatl etilganlarning umumiy sonidan 256 nafari giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun”, — dedi Al-Nashif.

Bu Eronda 2017-yildan beri giyohvand moddalar bo‘yicha qatl etilganlarning eng yuqori ko‘rsatkichidir.

Ommaviy hibslar

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, namoyishlarda qatnashgani uchun qo‘lga olinganlarning umumiy soni 20 mingga yaqin. Ular orasida minglab bolalar ham bor.

Kamida 44 bola, jumladan, 10 qiz xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘qotar qurollardan o‘ldirilgan, deyiladi xabarda.

Eng ko‘p o‘lim Siston va Balujiston viloyatida qayd etilgan.

“Hibsga olish va aybiga iqror bo‘lish uchun so‘roq qilish chog‘ida huquq-tartibot idoralari tomonidan odamlarga nisbatan qiynoqlar va shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik, shuningdek, ayollar, erkaklar va bolalarga nisbatan, ayniqsa qamoqda saqlash joylarida sodir etilgan jinsiy va gender asosidagi zo‘ravonlik holatlari haqida ko‘plab da’volar bo‘lgan”. — dedi an-Nashif.

Hijobsiz ayollarni kuzatish uchun sun’iy ong

Eronda norozilik namoyishlari boshlanganidan beri fikr erkinligi va axborot olish huquqlariga rioya qilish sezilarli darajada yomonlashdi.

“Raqamli makon ustidan keng nazorat o‘rnatildi va onlayn senzura kuchaytirildi. O‘tgan yilning 21-sentabridan boshlab ayrim ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish platformalariga kirish taqiqlanganligicha qolmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, davlat siyosati hijob o‘rash majburiyatini kuchaytirish borasida yanada qattiqlashdi, deyiladi hisobotda. Ushbu qoidaga rioya qilmagan ayollar va qizlarga nisbatan qattiq jazo choralari qo‘llaniladi.

“2022-yilning 15-avgustida [Eron prezidenti Ibrohim Raisiy] hijob o‘ramagan ayollarni yoki hijob o‘rash majburiyligiga shubha bildirganlarni kuzatish va jazolash uchun yuzni tanish texnologiyasini joriy etishni nazarda tutuvchi farmonni imzoladi”, dedi BMTning inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi o‘rinbosari.

Xabarda aytilishicha, Eron parlamenti Jinoyat kodeksiga hijob qoidalariga rioya qilmaslik uchun yangi jazo choralarini joriy qiluvchi yangi tuzatishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.