2023-yilning to‘rtinchi choragida Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali “Markaziy Osiyo — Markaz” (SAS) quvuri bilan gaz yetkazib berishni boshlaydi.

“Kommersant’” ma’lumotlariga ko‘ra, gap yiliga qariyb 6 mlrd yoki kuniga taxminan 18 mln kub metr gaz yetkazib berish haqida bormoqda. Yetkazib berish hajmlari har yili yangilanadi.

O‘zbekistonning o‘zi qazib chiqargan gazi qishda eng yuqori iste’molni qoplash uchun yetarli emas, deb yozadi nashr. Tahlilchilarga ko‘ra, “Gazprom”dan 6 mlrd kub metr sotib olish evaziga O‘zbekiston o‘z ehtiyojlarini qondirishi mumkin, biroq bu Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha shartnomani to‘liq bajarish uchun yetarli bo‘lmaydi. “Gazeta.uz” Energetika vazirligi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

Qishda O‘zbekiston anomal sovuqlar va gaz tanqisligi, shuningdek, Turkmanistondan gaz yetkazib berish to‘xtatilishi natijasida energetika inqiroziga duch keldi. Mamlakatda 85 foizdan ortig‘i gaz bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalarida gaz yo‘qligi sababli elektr energiyasida katta uzilishlar yuz berdi. Shuningdek, isitish va gaz ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

O‘zbekistonning o‘zi qazib chiqarayotgan gaz zaxiralari tugayotgani tufayli kamayib bormoqda. Xususan, qishda iste’mol eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanida kuniga 20 mln kub metrgacha gaz yetishmovchiligi kuzatildi. 2022-yilda gaz qazib olish o‘tgan yilga nisbatan 4 foizga kamayib, 51,7 mlrd kub metrni tashkil qildi, Xitoyga “moviy” yoqilg‘i eksporti esa qiymat jihatidan 1 mlrd dollardan oshdi. 2023-yilda ishlab chiqarish hajmini 56,3 mlrd kub metrga yetkazish rejalashtirilgan, biroq yanvar-aprel oylarida ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga kamaydi.