Toshkentlik velosipedchi Andrey Barishevning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 16-iyun, juma kuni kechqurun O‘zbekiston prezidenti korteji Mustaqillik shoh ko‘chasidan o‘tishidan biroz oldin uni fuqarolik kiyimidagi, katta ehtimol bilan davlat rahbari xavfsizligi xodimi bo‘lgan shaxs kaltaklagan.

Voqea soat 20:00 atrofida sodir bo‘lgan. Yigitning so‘zlariga ko‘ra, u Parkent bozori tomon ketish uchun “Darxon kafesi” avtobus bekati yaqinidagi piyodalar o‘tish joyidagi yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Avvaliga Andrey Barishev qatnov qismining o‘rtasida mashinalar o‘tishini kutib turgan. Bu vaqtda DAN xodimi svetoforning ishorasi almashishiga qaramay avtomobillarga harakatni davom ettirishiga ruxsat berayotgandi.

“Avtomobillar oqimi tufayli yo‘lni uzoq vaqt kesib o‘ta olmadim. Yo‘l nazoratchisi yo‘l inspektori bo‘lsada, menga umuman e’tibor qaratmadi. Keyin men tirbandlik bo‘ylab harakatlanishni boshladim. To‘satdan milliy gvardiya xodimi yugurib chiqdi. Men uni ko‘rdim va unga: „Men [ko‘prikdan keyin] o‘ngga burilaman“ deya baqirdim”, — dedi Andrey Barishev.

Velosipedchining so‘zlariga ko‘ra, u harakatda davom etayotgan vaqtda Milliy gvardiya xodimi ogohlantirishsiz uning qo‘lidan ushlab olgan.

velosipedchi, prezident korteji

Harakatlanayotgan velosipedchining qo‘lidan ushlab olgan Milliy gvardiya xodimi.

“Men uning qo‘lini itarib yubordim, chunki yiqilib tushishim mumkin edi. Men keskin tormozni bosdim va [pedallardan oyoqlarimni] „yechishga“ ulgurdim (velosipedchi pedallarga mahkamlangan oyoq kiyimda bo‘lgan — tahr.), men unga: „Nega qo‘limdan ushlab qolding?“ dedim. Fuqarolik kiyimidagi bir kishi yugurib keldi. Ehtimol u xavfsizlik xizmati yoki prezident qo‘riqchisi edi”, — deydi Andrey Barishev.

velosipedchi, prezident korteji

Barishev velosipeddan “ajralishga” uringan vaqtida jarohatlangan.

“U meni velosipeddan tushirib, piyodalar yo‘lagiga olib chiqdi va o‘sha yerda menga tarsaki tushira boshladi, soqolimni tortib, hech kim emasligimni aytib baqirdi, sha’nim va qadr-qimmatimni kamsitdi, haqorat qila boshladi. Bekatdagilar buni indamay tomosha qilishdi”, — deydi velosipedchi.

“Keyin u „Senga nima kerak“, deb so‘radi. Men uyga borishim kerakligini aytdim. U ketdi va men chuqur nafas oldim, bir nechta surat oldim va piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab, keyin aylanma yo‘l bo‘ylab, kvartal orqali yurdim”, — deb davom etdi Andrey Barishev.

velosipedchi, prezident korteji

Voqea sodir bo‘lgan bekat.

U jim turmasligini aytdi va jamoatchilikdan uni qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.

“To‘g‘risini aytsam, xavfsizlik xizmati qilgan ishdan hayratdaman. Nega ular birinchi odamdan tashqari hamma odamlarga shunchaki kaltaklanishi mumkin bo‘lgan huquqsiz hayvonlardek munosabatda bo‘lishadi? Men bunday holatlar davom etishini istamayman, shuning uchun men ushbu voqeani oshkora qilaman va har biringizdan buni tarqatishda yordam so‘rayman”, — deb yozdi Andrey Barishev ijtimoiy tarmoqlarda.

Shuni ta’kidlash kerakki, odatda Milliy gvardiya xodimlari kortej o‘tishidan oldin velosipedchilarni, hatto ular transport vositalari bilan birga ketayotgan bo‘lsa ham, yo‘ldan haydab chiqarishadi, piyodalardan esa bekatlar yoki daraxtlar orqasiga yashirinishni so‘rashadi.

Ikki yil avval Milliy gvardiya xodimlaridan biri velosipedda ketayotgan “Gazeta.uz” muxbirini mashinalar harakati davom etayotgan bo‘lsa ham Hamid Olimjon metro bekati oldidagi (Abdulla Qodiriy ko‘chasining tepasidan o‘tgan) ko‘prikka o‘tkazib yubormagan edi.

Milliy gvardiya rasmiysining aytishicha, prezident xavfsizlik xizmati uchun velosipedchilar ham piyodalar hisoblanadi. Qayd etish kerakki, Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, velosiped transport vositasidir.

2013-yilda “Gazeta.uz” toshkentlik velosipedchilarga qarshi reyd o‘tkazilgani haqida yozgan edi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari ularga yo‘l bo‘lagida chiqishni taqiqlab qo‘ygan, velosipedlarni olib ketgan. Bundan professional sportchilar ham jabr ko‘rgandi, ular militsiya xodimlarining ko‘ziga tushmaslik uchun aholi punktlari orqali mashg‘ulotlarga borishga majbur bo‘lgan.