“Tolibon”, “Al-Qoida” va “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” (TTP) terrorchilik guruhlari o‘rtasidagi aloqa “kuchli va o‘zaro manfaatli” bo‘lib qolmoqda. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashi qo‘mitasining Tahliliy qo‘llab-quvvatlash va sanksiyalar monitoringi guruhi hisobotida aytiladi.

““Tolibon”ning hukmronligi ostida bir qator terroristik guruhlar katta harakat erkinligiga ega. Ular Afg‘onistonda ham, mintaqada ham terrorizm tahdidi kuchayib borayotgan bir paytda bu vaziyatdan faol foydalanmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Hisobotda aytilishicha, “Al-Qoida” o‘z faoliyatini qayta tiklayotgani alomatlari bor va guruh “Tolibon” boshqaruvidagi Afg‘onistonni “xavfsiz boshpana” deb biladi.

Shu bilan birga, toliblar o‘zlarining “asosiy raqibi” sifatida ko‘rayotgan “Iroq va Shom Islom davlati — Xuroson” (“ISHID-X”)ga qarshi kurashishga harakat qilmoqda. “BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo davlatlar “ISHID-X”ni “Afg‘oniston, qo‘shni davlatlar va Markaziy Osiyodagi eng muhim terrorchilik tahdidi” deb baholaydilar”, deyiladi hisobotda.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, “ISHID-X” jangarilari soni 4000 dan 6000 nafargacha bo‘lishi mumkin. Guruh o‘tgan yil davomida mamlakatda yangi o‘quv lagerlariga ega bo‘ldi. Hisobotda qayd etilishicha, “ISHID-X” “TTP” a’zolari, uyg‘urlar hamda “Tolibon” mafkurasidan norozi bo‘lgan etnik tojik va o‘zbek ozchilik vakillarini yollashni maqsad qilgan.

Hisobotning bir qismi “Tolibon”dagi ichki munosabatlarga ham bag‘ishlangan. Qayd etilishicha, “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni ilk marta qo‘lga kiritgan paytda (1996-yildan 2001-yilgacha) harakat ma’muriyati tomonidan olib borilgan “cheklovchi, pashtunlarga yo‘naltirilgan avtokratik siyosatga” qaytgan.

Mutaxassislarning fikricha, “Tolibon” rahbariyati ichidagi nizolar “yaqqol ko‘rinib turibdi”, bu vaqtda esa Haybatulloh Oxundzodaning (2016-yildan buyon “Tolibon” yetakchisi va teologi — tahr.) nufuzi oshib bormoqda.

“Ushbu bo‘linishlar, asosan, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarda ko‘proq o‘zaro muvofiqlik va moslashuvchanlikni namoyish qilmoqchi bo‘lgan pragmatistlar va xalqaro hamjamiyatning bir qator qadriyatlari va siyosatiga mos kelmaydigan e’tiqodga ega bo‘lgan konservatorlar o‘rtasida sodir bo‘lmoqda”, — deyiladi hisobotda.

“Tolibon” rahbariyatidagi asosiy nizolar Haybatulloh va unga yaqin ulamolar joylashgan Qandahordagi hokimiyat markazlari va amaldagi vazirlar mahkamasi faoliyat yuritadigan Kobuldagi fraksiyalar o‘rtasida kechmoqda.

“Turli fraksiya yetakchilari o‘rtasida davom etayotgan hokimiyat kurashi vaziyatni yanada beqarorlashtiradi, shu darajaga keladiki raqib guruhlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar kelib chiqish xavfi yaqqol namoyon bo‘ladi”, — deyiladi hisobotda.

Shu bilan birga, ekspertlarning fikricha, yaqin bir-ikki yil ichida “„Tolibon“ yaxlitligi katta ehtimol bilan saqlanib qoladi”.

Hisobot e’lon qilinganidan so‘ng, Tolibon bu bo‘yicha izoh berdi. “Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid bu hisobotni “asossiz va noxolis” deb atadi. Shuningdek, u “Tolibon” rahbariyati o‘rtasidagi nizolar haqidagi da’volar afg‘onlarga nisbatan “aniq dushmanlik” ekanini aytdi.