Jizzax viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan 19 yoshli askar 15-iyun kuni vafot etdi, deb xabar bermoqda Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Milliy gvardiya Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasida muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelayotgan oddiy askar T.O. 6-iyun kuni tibbiyot bo‘limi felshderiga oshqozonida og‘riq borligi bilan murojaat qilgan.

Boshqarma tibbiyot bo‘limi boshlig‘i tomonidan oddiy askar T.O. 7-iyun kuni Samarqand harbiy gospitaliga olib borilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va mutaxassis-terapevt vrachning surunkali gastroduodinit qo‘zish davri tashxisi bilan terapiya bo‘limiga stansionar davolanish uchun yotqizilgan.

15-iyun kuni soat 14:00 da muddatli harbiy xizmatchi T.O.ning sog‘lig‘i yomonlashib, Samarqand harbiy gospitalida vafot etgan. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra unda o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi sababli to‘satdan o‘lim holati qayd etilgan.

Hozirda holat bo‘yicha Samarqand viloyati Harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Kun.uz nashrining yozishicha, marhumning yaqinlari tibbiy ekspertiza xulosasiga ishonmayapti.

Holatga munosabat bildirgan Harbiy prokuratura hozirda Samarqand harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Tekshiruv davomida marhumning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan va boshqa kechiktirib bo‘lmas harakatlar o‘tkazilgan. Tekshiruv natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ustidan Harbiy prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan, deyiladi xabarda.