“O‘zagroeksportbank” Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlari bajarilganini va ustav kapitalining talab qilinadigan miqdorgacha oshirilishini ma’lum qildi.

Bank kapitali “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun talablariga javob beradi va 105 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi (kamida 100 milliard so‘m bo‘lishi kerak), deyiladi bank xabarida.

1-sentabrdan boshlab banklarning ustav kapitali kamida 200 milliard so‘mni tashkil qilishi kerak. “O‘zagroeksportbank” bu sanagacha qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali kapitalini oshirib, 200 milliard so‘mga yetkazmoqchiligini ma’lum qilgan.

2-iyun kuni “Gazeta.uz” 1-may holatiga ko‘ra sakkizta bankning kapitali banklar ustav kapitali bo‘yicha kuzda joriy qilinadigan eng kam miqdor — 200 milliard so‘mdan past ekani haqida yozgandi. Bu banklar ro‘yxatida Madad Invest Bank, “Poytaxt bank” (149 mlrd), Ravnaq-bank (127 mlrd), Uzum bank (108 mlrd), Apex Bank (100 mlrd), Smart Bank (99 mlrd), Hayot Bank (-0,2 mlrd) va “O‘zagroeksportbank” (32 mlrd) bor.