14-iyun kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi sexda portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 09:50 da tumanning “Astrobod” ko‘chasida joylashgan mis quvurlari ishlab chiqarish sexining bir qavatli bostirmasi (angar)da havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.

Voqea joyiga FVV rahbariyati boshchiligida yong‘in-qutqaruv ekipajlari, shuningdek, prokuratura, IIV, Milliy gvardiya, SSB, Hududgaz va boshqa tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan. Ayni vaqtda hodisa oqibatlari bartaraf etilmoqda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 6 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan.