Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziriga o‘rinbosarlari tayinlandi, deya xabar bermoqda prezident Administratsiyasiga yaqin “Nigoh” Telegram kanali.

Xususan, Obidjon Qudratov vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u tabiat resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Jusipbek Kazbekov esa vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Narzullo Oblomuradov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb qayta nomlangandi. Keyinroq Qonunchilik palatasi deputatlari Aziz Abduhakimov nomzodini vazir lavozimiga ma’qulladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2023-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirildi. Xususan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, Gidrometrologiya xizmati hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi birlashtirilib, Tabiat resurslari vazirligi tashkil etilgandi.