Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumanidagi maktabda o‘qituvchi kaltaklangani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

8-iyun kuni taxminan soat 15:30 da Uchtepa tumanidagi maktablardan birida shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi — 2008-yilda tug‘ilgan S.S. va o‘qituvchi — 1999-yilda tug‘ilgan S.B. o‘zaro gap talashib qolgan.

Shundan so‘ng o‘qituvchi o‘quvchiga bir marta shapaloq urgan, o‘quvchining akasi — 10-sinf o‘quvchisi 2006-yilda tug‘ilgan S.S. esa kelib, o‘qituvchi S.B.ni urgan.

Holat yuzasidan tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi qayd etildi.

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham munosabat bildirib, ish vazir Hilola Umarovaning nazoratiga olinganini ma’lum qildi.

“Janjalda maktab mulkiga ham zarar yetkazilgan. Maktabda noxush holat yuz berganda, ota-onalar o‘qituvchi bilan emas, farzandi bilan tushuntirish ishlari olib borsa, farzandi kelajagi uchun foydaliroq bo‘lishini tushunib yetmas ekan, bunday ishlar davom etaveradi”, — deya qayd etildi xabarda.

Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov ham voqeaga munosabat bildirar ekan, Uchtepa tumanidagi 62-sonli maktabning informatika fani o‘qituvchisini kaltaklashda ishtirok etganlarning barchasi qonunda belgilangan tartibda qattiq jazolanishini bildirdi.

“Bu bo‘yicha huquq-tartibot organlariga kerakli ko‘rsatmalar berildi. Vallomati bo‘lsa ham, o‘qituvchini xafa qilishga xech kimning haqqi yo‘q”, — deb yozgan u.

Qo‘shimcha ma’lumot

Poytaxt IIBB ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan Uchtepa tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan.