Turbinali zalning portlashi natijasida Kaxovka GESi butunlay vayron bo‘lgan. Stansiya qayta tiklanmaydi, deb xabar berdi Ukrainaning “Ukrgidroenergo” matbuot xizmati.

“6-iyun kuni ertalabdan Kaxovka suv omborida suv sathi tez pasaymoqda, toshqin bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlardan aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlandi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

“Ukrgidroenergo” aniqlik kiritishicha, suv ombori sathining nazoratsiz pasayishi Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporoje atom elektr stansiyasi uchun qo‘shimcha xavf hisoblanadi. “Kaxovka suv omboridagi suv AESga turbinali kondensatorlar va stansiya xavfsizlik tizimlarining quvvat olishi uchun zarur”, — deya tushuntirdi matbuot xizmati va stansiyaning sovitish suv havzasi hozir to‘laligini qo‘shimcha qildi.

Kaxovka GESini qayta tiklash mumkin emasligi haqidagi ma’lumotni bosib olingan Novaya Kaxovka hokimiyati ham tasdiqladi. Shaharga Rossiya tomonidan tayinlangan “mer” Vladimir Leontev stansiyani qayta qurish kerakligini aytdi. Vladimir Leontev avvaliga portlash haqidagi ma’lumotni rad etdi, biroq keyinroq Ukraina tomonidan tungi o‘qqa tutish oqibatida stansiyaning yuqori qismi vayron qilingani, ammo to‘g‘onning o‘zi saqlanib qolganini bildirdi. TASS xabariga ko‘ra, Kaxovka GESi to‘g‘onining 28 ta oraliq qismidan 11 tasi vayron bo‘lgan.

Google Maps Xerson viloyatining Dnepr bo‘yi hududlaridagi toshqin haqida ogohlantirishni boshladi.

каховка гэси, uкраина

Eslatib o‘tamiz, 6-iyun kuni erta tongda ijtimoiy tarmoqlarda GES yuqori to‘g‘onining vayron bo‘lgan qismidan suv oqayotgani aks etgan video tarqaldi. Keyinroq Ukraina Qurolli kuchlarining “Janubiy” operativ qo‘mondonligi Rossiya qo‘shinlari gidroelektrostansiyani “portlatib yuborganini” ma’lum qildi.

Ukrainada bu hodisa ekotsid (atmosfera yoki dengizlarni yoppasiga ifloslantirish) deb ataldi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Kaxovka GESining “buzilishi” “global oziq-ovqat xavfsizligiga zarba” ekanini ta’kidladi. “Chunki bu ofat Ukraina janubidagi sug‘orish tizimiga ta’sir qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.