O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-aprel oylarida gaz qazib olish hajmi 16,26 milliard kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga yoki 1,69 milliard kub metrga kamaydi, deya xabar berilmoqda Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishga oid ma’lumotlarida.

Yanvar oyida 4,31 mlrd kub metr (2022-yil yanvariga nisbatan -7,5%), fevralda 3,85 mlrd (-9%), martda 4,16 mlrd (-12,96%) gaz qazib olindi. Aprel oyida 3,94 milliard kub metr gaz qazib olindi (-8,1 foiz). Qayd etish kerakki, 2022-yilning yanvar-aprel oylari uchun ishlab chiqarish hajmi yangi hisobotda pastga — 18,01 milliarddan 17,96 milliard kub metrgacha tushgan.

To‘rt oyda elektroenergiya ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 foizga yoki 993,5 million kilovatt/soatga kamaygan — 24,98 milliard kilovatt/soatdan 23,99 milliard kilovatt/soatga pasayish. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yildan buyon bu davrda elektr energiyasi ishlab chiqarishda pasayish kuzatilmagandi.

Yanvar (-2%), fevral (2,3%) va mart (-1,7%) oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish pasayganidan so‘ng aprel oyida ishlab chiqarish 5,4% ga o‘sdi.

Yanvar-aprelda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish 11,6 foizga (aprelda o‘sish 27,6 foizga), gaz kondensati 7,7 foizga kamaygan. Neft qazib olish 4,3 foizga oshgan, biroq aprel oyida biroz pasayish kuzatilgan (2,8 foiz).

Ko‘mir qazib olish aprel oyida 9,7 foizga oshgan, biroq yil boshidan buyon umumiy hajmda 1,59 million tonnadan 1,47 million tonnagacha (-7,4 foiz) kamaygan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ko‘mirga bo‘lgan talab 1,5 barobar oshishini ta’kidlab, ishlab chiqarishni 22,6 foizga oshirib, 6,5 million tonnaga yetkazish vazifasini qo‘ygandi.

“Gazeta.uz” avvalroq tabiiy gaz uchun soliq stavkalari 3 barobar, neft va gaz kondensati uchun 2 baravar kamaytirilgani tufayli O‘zbekiston davlat budjetiga 2022-yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun 538,1 milliard so‘m soliq tushmagani haqida yozgan. Shu bilan birga, o‘tgan yili gaz qazib olish 4 foizga, gaz kondensati 2,8 foizga kamaygan. Neft qazib olish atigi 1,8 foizga oshgan.

Avvalroq O‘zbekiston neft-gaz konlarida qaysi kompaniyalar ishlayotgani haqida batafsil ma’lumot bergandik. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Ozodlik” radiosi surishtiruviga javoban avvalroq 294 ta konning 118 tasi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli, 176 tasi esa xorijiy kompaniyalarga qarashli ekanini aytgandi.

2021-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, eng katta tasdiqlangan zaxiralarning eng kattasi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan boshqarilgan — 934,1 milliard kub metr gaz (joriy zaxiralarning 50 foizi). “Lukoyl” 413,1 milliard kub metr gaz (22,1%), Uz-Kor Gas Chemical — 109,6 milliard kub metr (5,9%), Surhan Gas Chemical — 106,6 milliard kub metr (5,8%), Jizzakh Petroleum (hozir Saneg) — 84,9 milliard kub metr (4,5%). Ishlab chiqarishning katta qismi ham “O‘zbekneftgaz” hissasiga to‘g‘ri kelgan.