Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida mansabdor Umra ziyoratiga yuborish maqsadida fuqarolardan olgan 1 milliard 650 million so‘m pulini onlayn qimorga tikib yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda MY5 telekanalining Markaziy studiya dasturida xabar berildi.

2019-yildan boshlab Umra ziyoratlari uchun amalga oshirilgan to‘lov pullari Musulmonlar idorasining hisob raqamiga emas, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Xo‘jaobod tumani mutaxassisi shaxsiy hisobiga tushirilgan.

To‘lov cheki safarga chiqayotganlaridan oldin berilishi va’da qilingan 70 nafarga yaqin fuqaro hokimiyat idorasida aldanishini kutmagan.

“Qirg‘iziston orqali oson borib kelishyapti, ham arzonroq. Ko‘ryapsizmi, unga ishonmay, davlat xodimiga ishonib, bu yerdan „otilib qoldik“. Uning halolligini, birovning haqidan qo‘rqishini bilib saylashadimi? O‘zining xodimini bilmasa, biz ko‘chada yurgan odamlar qanday bilamiz? Shuncha yil hokimiyatda turib, bir oyda nima ish qilding, 15 kunda nima ish qilding deb nazorat qiladigan topilmaganmi?” — deydi aholi vakillari.

Hokimlik mutaxassi Jasur Mo‘minov holatni izohlarkan, jarayon qonuniy bo‘lishi uchun Umra ziyoratiga borish to‘lovini faqatgina bankka to‘lashi kerakligini ta’kidladi.

Holat yuzasidan uzoq davom etgan tergov yakunlanib, ish sudga oshirilgan. Biroq sud zalida ayblanuvchining pullarni qaytarib berish va’dasiga ishonib, arizalarini qaytarib olishgan. Shu sababli ularga yetkazilgan moddiy zarar sud qarorida inobatga olinmagan. 27−30 nafar odam pullaridan voz kechib yuborgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sobiq mas’ul ikki yil mansabdorlik va javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash vakolatidan mahrum bo‘lgan va besh yilga qamalgan.