17-may kuni Toshkentda Tashkent Law Spring (“Toshkent huquq bahori”) xalqaro forumi boshlandi. Asosiy mavzusi “Fundamental huquqlar — barhayot qadriyatlar” bo‘lgan tadbirda Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa davlatlarning qonunchilik hamda sud-huquq sohasidagi yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov ushbu forumda ishtirok etayotgan turli yo‘nalishdagi huquq sohasi vakillarini fundamental huquqlar g‘oyasi birlashtirib turganini ta’kidladi.

“Forumga bu mavzu bejiz tanlanmadi. Chunki sessiyalarda muhokama qilinadigan masalalar huquqning ko‘plab sohalarini qamrab oladi, spikerlarning professional faoliyati ham rang-barang. Shuning uchun ularni birlashtiruvchi g‘oya sifatida, albatta, fundamental huquqlarni ko‘rdik”, — dedi vazir.

Shuningdek, u davlatlarning siyosiy va huquqiy tizimlari turlicha bo‘lganligi sababli fundamental huquqlarni talqin etish yoki ularga amal qilishda ham farqlar borligi haqida gapirdi.

“Bu farq yaxshi yoki yomon tarafga bo‘lishi mumkin. Lekin har qanday jamiyatda ham progressiv fikrlovchi, fundamental huquqlarning fidoyi himoyachilari ham bor-ki, ular vaziyatni yaxshi tomonga burishga doim harakat qilishadi. Men bunday rolda yuristlar ko‘proq bo‘lishini istardim. Chunki biz yuristlar muammoni kundalik ish jarayonida doim ko‘ramiz va ularning yechimini ham bilamiz. Shunday ekan, forum davomida huquqning mana shunday fundamental masalalarni professional va chuqur yondashuvlar asosida muhokama qilishga chaqiramiz”, — deya qayd etdi vazir Akbar Toshqulov.

Forumda Singapurning ichki ishlar va huquq vaziri K. Shanmugam ham qatnashib, mamlakatining hozirgi natijalariga hissa qo‘shgan omillarni sanab o‘tdi.

tashkent law spring, адлия vaziri, акбар тошқuлов, тошкент huquq bahori

Uning ta’kidlashicha, buning uchun avvalo kuchli markazlashgan hukumat kerak. Bunda uning asosiy vazifasi ta’lim, sog‘liqni saqlash va inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha boshqa barcha majburiyatlarni to‘liq bajarishdan iborat. Qolaversa, vakolatli davlat xizmatchilariga ega bo‘lish — ya’ni kuchli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan davlat xizmatchilarini ishga olish kerak. Rejalarda uzoqni o‘ylab fikrlash kerak bo‘ladi. Shuningdek, yana bir muhim jihat, bu — aholini birlashtirish, ya’ni ularning ittifoqidir.

Forumda qatnashgan Xalqaro taraqqiyot huquqi tashkiloti (IDLO) bosh direktori Yan Biglning ta’kidlashicha, inson huquqlari bevosita qonun ustuvorligi asosida ta’minlanishi kerak. Bunda O‘zbekiston so‘nggi yillarda katta natijalarga erishmoqda.

Shuningdek, u tashkilot davlat siyosati va hayotida ayollarning bevosita ishtirokini ta’minlash uchun kontekstga xos va milliy yondashuvlarni ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi. Ushbu sa’y-harakatlar ayollar va qizlarning tegishli raqamli xizmatlarga kirishi hamda ulardan foydalanishini ta’minlashga yordam beradi. Ayni paytda, mutaxassisning e’tirof etishicha, O‘zbekiston hukumati bevosita gender tenglikni ta’minlash va jinsiy kamsitishni yo‘q qilish bo‘yicha ish olib bormoqda. “Hukumat bu yo‘nalishdagi o‘zining majburiyatlarini jahon tajribalariga asoslanib bajarib kelmoqda”, — dedi u.

tashkent law spring, адлия vaziri, акбар тошқuлов, тошкент huquq bahori

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev esa mamlakatda bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy referendum Inson huquqlari bo‘yicha deklaratsiya qoidalariga to‘liq mos kelishi haqida gapirdi. Uning aytishicha, yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonda bu qoidalar so‘zsiz ro‘yobga chiqishini kafolotlovchi asosiy qonunga aylandi. Shuningdek, u o‘z sohasi, ya’ni prokuratura organlari faoliyatida o‘tgan yilda qonuniylikni mustahkamlash uchun 127 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgani, 245 ming nafar fuqaroning huuqlari tiklanganini aytib o‘tdi.

Forumda yana boshqa ko‘plab huquq sohasi vakillarining nutqi tinglandi. Tadbir 18-may kuni ham davom etadi.