O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yillik forumida nutq so‘zladi.

“Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yig‘ilishi qadimiy va betakror Samarqandda o‘tkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va e’tibor ifodasi sifatida qabul qilamiz”, — deya so‘z boshladi u.

Davlat rahbari dunyoning barcha mintaqalaridan 2500 dan ortiq mehmonlar ishtirok etayotgan bugungi anjuman ana shu ezgu an’analarni yangi bosqichda davom ettirib, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ko‘prigini mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

“Tobora kuchayib borayotgan hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar davrida bunday ochiq va yaqin muloqotlar, do‘stona aloqalarni yanada kengaytirish barcha mamlakatlar uchun albatta nihoyatda zarur. Shu ma’noda, bugungi nufuzli anjumanning asosiy mavzusi „Barqarorlik uchun investitsiya“, deb belgilangani katta ahamiyatga egadir”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

“Barchangiz ko‘rib turibsiz, global iqtisodiy muammolar tobora avj olmoqda. Iqlim o‘zgarishi va ekologik xatarlar kuchaymoqda, tabiiy resurslar esa kamayib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda bugungi va kelgusi avlodlar munosib hayot kechirishi uchun yangi texnologiya va loyihalarga ko‘proq investitsiyalar kiritish talab etilmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu nuqtai nazardan ushbu muhim anjuman davlatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi, iqtisodiyotlar rivoji uchun sarmoyalarni yanada ko‘paytiradi, barcha a’zo mamlakatlar taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shadi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bunday formatdagi yig‘ilishi roppa-rosa 20 yil oldin bo‘lib o‘tganini yodga oldi.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev mehmonlar diqqatini ushbu so‘zlarga qaratdi: “Bugungi O‘zbekiston — kechagi O‘zbekiston emas”.

“Olti yil muqaddam boshlagan qat’iy islohotlarimiz natijasida mamlakatimizning qiyofasi butunlay o‘zgardi. Bugun siz, azizlarni mutlaqo yangi muhitda — dunyoga keng ochilayotgan, barcha sohalarda hamkorlik uchun tayyor bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda qabul qilayotganimizdan g‘oyat mamnunmiz”, — dedi u.

Prezident so‘nggi yillarda mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiyotni erkinlashtirish va jahon bozorlariga dadil kirib borish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishilgani, jumladan, inson huquqlarini amalda eng oliy qadriyat darajasida ta’minlash maqsadida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganini qayd etib o‘tdi.

“Mamlakatimizda ilk bor kambag‘allik mavjudligini tan oldik va uni qisqartirish uchun samarali tizim yaratdik. Bu tizim bilan davlat ko‘magiga muhtoj oilalar to‘liq qamrab olindi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Yaqinda umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiyamizda islohotlarning ortga qaytmasligi va bardavom bo‘lishi qat’iy kafolatlandi”, — deya qayd etdi davlat rahbari.

Prezident O‘zbekiston tanlagan, uzoq muddatga mo‘ljallangan ochiqlik va barqaror taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmasdan, yanada dadil oldinga borishini ta’kidladi. “Mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarga yanada qulay sharoitlar yaratishni yaxlit tizim asosida amalga oshiramiz”, — dedi u.

“Bu borada O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi chet ellik sarmoyadorlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yib, o‘zaro манф́аатли loyihalar va uzoq muddatli strategiyalarni birgalikda ishlab chiqishda hal qiluvchi bo‘g‘in bo‘ladi. Hech shubhasiz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birga tashkil etilgan ushbu muloqot platformasi biz uchun yangi tajribalar orttirishga xizmat qiladi va qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi, islohotlar jarayonida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga ko‘maklashadi”, — deya ta’kidladi prezident.

Shuningdek, yil yakunigacha xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda tarixda ilk bor Xalqaro tijorat sudi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi eslatib o‘tildi.

“Biz tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat bozorlarini yanada erkinlashtirish siyosatini jadal davom ettiramiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Jumladan, dunyodagi ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish uchun katta qadamlar tashladik. Ushbu yo‘nalishda bu yil salmoqli natijalarga erishamiz, deb ishonaman”.

Prezident ortiqcha byurokratiyani qisqartirish va korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish bundan buyon ham davlat va jamiyatning diqqat markazida bo‘lishiga va’da berdi.

“Bu borada boshlangan ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirib, inson va biznesga ko‘maklashadigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini joriy etamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bir fikrni ochiq aytishimiz kerak, — deya murojaat qildi prezident YeTTB rahbariyatiga, — islohotlarimizni amalga oshirish va hozirgi natijalarga erishishda xalqaro hamkorlarimizning ko‘magi biz uchun juda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Bugun qat’iy ishonch bilan ayta olaman — O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish yo‘lida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bizning strategik hamkorimizga aylandi. Ayniqsa, bankning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 mlrd yevrodan oshgani, shundan 3,3 mlrd yevrolik loyihalar so‘nggi to‘rt yilda boshlangani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi”.

Prezident o‘tgan yil yakuni bilan O‘zbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirgani, yillik investitsiya hajmi bo‘yicha esa, uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigiga aylanganini qayd etib o‘tdi.

“Eng muhimi, bank bilan xususiy sektorni rivojlantirish borasidagi yondashuv va maqsadlarimiz ham uyg‘un va hamohangdir. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda bank loyihalarida xususiy biznesning ulushi 55 foizga yetgani ham shundan dalolat beradi. Ayniqsa, bugungi kunda o‘ta dolzarb bo‘lgan „yashil energiya“, ichimlik suvi, yo‘l-transport infratuzilmasi, ekologiya kabi sohalarda hamkorligimiz jadal rivojlanmoqda. Xususan, qayta tiklanadigan energiya sohasida bankning 600 million yevro mablag‘lari ishtirokida yirik loyihalarni boshladik. Bunday faol hamkorligimiz iqtisodiyotimizga boshqa xorijiy investorlarni jalb etishda ham „katalizator“ bo‘lib xizmat qilmoqda”, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda faqat va faqat xususiy сектор́ga tayanishini ta’kidladi. “Shu bois, kelgusi taraqqiyotimiz xususiylashtirish jarayonlari bilan chambarchas bog‘liq ekanini yaxshi tushunamiz. Bu borada korxonalardagi davlat ulushlarini sotish, strategik kompaniyalar va yirik banklarning aksiyalarini ochiq savdoga chiqarish bo‘yicha yil boshida katta marralarni oldik. Xususan, ilk bor iqtisodiyotimiz uchun strategik ahamiyatga ega 40 ta korxona “IPO”ga olib чиқ́илади”, — dedi u.

U, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta marralar qo‘yilganini esga oldi. “Ularga erishish uchun tadbirkorlarga yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratamiz. Shu maqsadda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bank bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz”, — dedi prezident.

O‘zbekiston infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirishdan manfaatdor. “Bu borada bank bilan mamlakatimizda ilk bor Namanganda ichimlik suvi tarmog‘ini boshqarish, Toshkent — Samarqand zamonaviy magistral avtomobil yo‘lini qurish loyihalarini boshlayapmiz”, — dedi prezident.

Davlat rahbari salohiyati yuqori bo‘lgan turizm sohasida ham davlat-xususiy sheriklik kengaytirilishini qayd etdi.

O‘zbekiston “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirishdan ham manfaatdor.

“Biz 2030-yilga qadar elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazishni reja qilganmiz. Bu borada Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan shu yilning o‘zida umumiy quvvati 1,2 gigaVatt bo‘lgan 3 ta yirik quyosh stansiyasi barpo etiladi”, — deya yodga oldi prezident.

U Samarqand yaqinda bankning “yashil shaharlar” dasturiga kiritilganini qayd etdi. “Nukus, Andijon, Buxoro va Namangan kabi shaharlarimizni ham ushbu dasturga kiritishda bankning ko‘magiga tayanamiz”, — dedi u.

Davlat rahbari Yangi O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

“Bu borada bank bilan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirayotgan dasturlarimiz alohida e’tiborga sazovordir. Bunday loyihalarni keskin oshirish bo‘yicha bank bilan hamkorligimizni yanada kengaytiramiz”, — dedi u.

Prezident, shuningdek, O‘zbekistonning bank bilan birga ilg‘or agrotexnologiyalar, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yana ko‘plab yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

“Global oziq-ovqat taqchilligi bilan bog‘liq muammolar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bunday loyihalar bank uchun ham, investorlar uchun ham juda foydali bo‘ladi, deb hisoblayman”, — deb hisoblayman dedi u.

O‘zbekiston prezidenti Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib, YeTTB va boshqa hamkorlarni sanoat, energetika, transport va suv xo‘jaligi sohalaridagi mintaqaviy loyihalarda faol ishtirok etishga taklif qildi.