O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan maxsus ishchi guruh AQShning “Ohangaronsement” sement zavodi va uning asoschisi Akkermann Cement CA`ga qarshi sanksiyalari bilan bog‘liq muammoni hal qilish ustida ishlamoqda. Bu haqda 4-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

“Sanksiyalarga kelsak, bu bizni juda xavotirga solmoqda. U yerda (“Ohangaronsement”da — tahr.) 10 mingdan ortiq kishi ishlaydi. Sanksiyalarni qo‘llash [korxonaning] ishini shu zahotiyoq to‘xtatib turishni anglatmaydi. Biz bu borada AQSh Moliya vazirligi, OFAC (AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasi — tahr.) tuzilmasi bilan ishlayapmiz. Muayyan muddat berilgan. Bu cheklovlar ularning dollar bilan o‘tkazgan operatsiyalari bilan bevosita bog‘liq”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar hozircha milliy valyutadagi operatsiyalar va mahalliy banklar tomonidan xizmatlar ko‘rsatishga taalluqli emas.

“[Banklar haqida] xavotirlar o‘rinli. Xizmat ko‘rsatuvchi bank ikkilamchi sanksiyalarga duch kelishi mumkin. Prezident topshirig‘iga asosan ishchi guruh tuzilib, OFAC bilan hamkorlikda muammoni hal qilish ustida ishlamoqda”, — dedi u.

Markaziy bank rahbari “Ohangaronsement” mamlakatdagi eng yirik soliq to‘lovchilardan biri bo‘lib, mahalliy aholi bandligini ta’minlayotgani, shu bois “Ushbu korxonaning uzluksiz ishlashi biz uchun muhim” ekanini ta’kidladi.

Avval xabar berganimizdek, Qo‘shma Shtatlar Rossiya fuqarosi bo‘lgan Alisher Usmonovning USM xoldingi tarkibiga kiruvchi “Ohangaronsement” sement zavodi va Akkermann Cement CA kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi. Yevropa Ittifoqi sanksiyalarida u Rossiya prezidenti Vladimir Putinning “sevimli oligarxi” deb atalgan.

AQSh G‘aznachiligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11-iyulgacha tugatish uchun litsenziya bergan.

2021-yil may oyida Kiprning Lamanka Enterprises kompaniyasi “Ohangaronsement” zavodi ustav kapitalidagi 84,197 foiz ulushini sotib olgan edi. O‘shanda bitim summasi 557,6 mlrd so‘mga baholangan. 2022-yil yanvar oyida Lamanka Enterprises va Britaniya Virjiniya orollarining Giacinttar kompaniyalari “Ohangaronsement”dagi ulushlarini 1,88 trln so‘mga sotganini e’lon qildi. Keyinchalik Alisher Usmonovning USM xoldingi tomonidan tashkil etilgan Akkermann Cement CA aksiyalar xaridori bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ucell`da ulushga ega bo‘lgan va O‘zbekistonda markalash tizimi bilan shug‘ullanuvchi Digital Invest, shuningdek, Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia kompaniyalariga qarshi ham sanksiyalar joriy qildi. O‘zbekiston fuqarolari va mahalliy fuqarolari ham cheklovlar ostida qolgan.