O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi elchisi Sardor Rustamboyev 23-aprel kuni Parijda bo‘lib o‘tgan O’zbekistonlik xalqaro forumi doirasida “Gazeta.uz”ga Toshkentda tramvay qatnovini tiklash bo‘yicha ikki davlat hamkorligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyaning Alstom kompaniyasi kelishuvlarga erishilgan taqdirda, o‘z jihozlarini yetkazib berib, O‘zbekiston poytaxtida tramvay liniyasi quradi.

“Yanada aniqrog‘i, [Alstom] Toshkent bo‘ylab optimal yo‘nalishlarni ishlab chiqish bo‘yicha konsalting xizmatlarini taqdim etadi. Ular hukumatimiz, Toshkent hokimligi, Transport vazirligi bilan birgalikda yo‘lovchi oqimi, yuklamani hisobga olgan holda Toshkent ichida optimal yo‘nalishlarni ishlab chiqadi. Uskunalarni yetkazib bermagan taqdirda ham, agar boshqa yetkazib beruvchi bo‘lsa, [baribir] bizga bu infratuzilmani yaratishda yordam berishadi”, — deya ma’lum qildi u.

Diplomatning ta’kidlashicha, tramvay liniyasini qurish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqilmoqda, gap Toshkentni Yangi Toshkent bilan bog‘laydigan hamda “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanadigan Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi potensial yo‘nalish haqida ketmoqda.

“Bu endi, infratuzilma nuqtai nazaridan osonroq — mavjud yo‘llar buzilmaydi, balki eng yaqin metro bekatidan Yangi Toshkentgacha yo‘l ochiladi. U yerda yo‘lovchilar ochimi kichik bo‘ladi deb o‘ylamayman. [Yangi Toshkent] haqiqatan millioner-shahar bo‘ladi. O‘ylaymanki, juda tez to‘ladi. Shu bois, hozirgi bosqichda biz allaqachon yangi infratuzilmani qurmoqdamiz”, — dedi Sardor Rustamboyev.

Tramvaylarning o‘zini Alstom`dan yetkazib berish imkoniyatiga kelganda, elchining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni “mahalliylashtirish talabini qo‘ymoqda”.

“Biz hozir mahalliylashtirish talabini qo‘ymoqdamiz. Chunki uni yetkazib berish boshqa, iloji boricha mahalliylashtirish boshqa masala. Shuning uchun bularning barchasi suhbat mavzusi, kelishuvlar mavzusi. Lekin eng muhimi, ikki davlat prezidentlarining siyosiy irodasi bor. Kelishuvga erishildi va Fransiya bu borada, bu sohada dunyoda yetakchi hisoblanadi. Shuning uchun ularning kompetensiyasi borasida hech qanday muammo yo‘q. Bizga berilayotgan barcha takliflar va maslahatlar, menimcha, shahardagi tirbandlik holati bilan bog‘liq vaziyat tez va operativ bartaraf etilishiga olib keladi”, — dedi u.

“Gazeta.uz” o‘tgan yilning noyabr oyida Alstom Toshkentda tramvay liniyalarini qurishi haqida xabar bergan edi. O‘shanda uzunligi 9,1 km bo‘lgan liniyalarning narxi 167,4 mln yevroga baholangan. Bitim Parijda O‘zbekiston prezidentining tashrifi doirasida imzolangan.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov qurilish ishlari bilan Alstom shug‘ullanishini tasdiqladi, biroq yo‘nalishlar hali aniqlanmagan.

Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev 2022-yil yozida ikkita tramvay yo‘nalishi — TTZ va Ippodromdan Shimoliy vokzalgacha bo‘lgan yo‘nalish bo‘yicha takliflar tayyorlanganini ta’kidladi.

Joriy yilning yanvar oyida Toshkentning o‘sha paytdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev infratuzilma, shaharsozlik, jamoat transporti va mahalliylashtirish sohalarida umumiy qiymati 1 mlrd yevro bo‘lgan uzoq muddatli dastur bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqlagan edi. Hujjatda tramvay liniyasining texnik-iqtisodiy asoslari va tramvay vagonlari uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish topshirilgan.

Aprel oyida Transport vazirligi rahbari Ilhom Mahkamov mutaxassislar tomonidan eski va yangi Toshkentni bog‘laydigan tramvay liniyasini qurish bo‘yicha ishlarni boshlash taklif qilinayotganini ta’kidlagan edi. “Agar hozir shahar ichida tramvay qurishni boshlasak, tirbandliklarga ham duch kelamiz, deyishyapti. Tramvay ishga tushirilgandan keyin emas, balki qurilish vaqtida. Bu juda uzoq vaqt talab etadi”, — degan edi u.