AQSh Davlat departamenti va Moliya vazirligi 12-aprel kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi munosabati bilan, shuningdek, AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qildi. Yangi sanksiya ro‘yxatiga 20 ta davlatning 120 nafar yuridik va jismoniy shaxslari kiritilgan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o‘z bayonotida AQShning Buyuk Britaniya bilan kelishilgan holda ko‘rayotgan choralari rossiyalik eng boy milliarderlardan biri, allaqachon AQSh sanksiyalari ostida qolgan Alisher Usmonovning Rossiyaga qo‘llanilgan sanksiyalarini chetlab o‘tish tarmog‘iga qaratilganini aytdi.

Tadbirkor o‘z kompaniyalarining aksariyat qismini nazorat qiladigan USM Holding’ga qarshi sanksiyalar joriy etildi, deyiladi xabarda. Sanksiyaga uchragan USM kompaniyalari orasida Rossiyaning “Megafon” uyali aloqa operatori, Rossiyaning eng yirik temir rudasi ishlab chiqaruvchisi “Metalloinvest”, shu jumladan “Metalloinvest”ning Shveysariya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi sho‘ba korxonalari hamda Rossiyadagi Udokan mis loyihasi operatori bor.

Avval xabar berganimizdek, sanksiyalar ro‘yxatiga (SDN List) O‘zbekistondan sement ishlab chiqaruvchi “Oxangaronsement” va uning asoschisi Alisher Usmonov bo‘lgan USM Holding kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan “Akkermann Cement CA” kompaniyasi ham kiritilgan. AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bir qator kompaniyalar, jumladan Akkermann Cement CA bilan operatsiyalarni 11-iyulgacha tugatish uchun litsenziya berdi.

Sanksiya ro‘yxatiga quyidagi O‘zbekiston fuqarolari kiritilgan:

  • Ismailova Gulbahor Burxanovna — fuqaroligi sifatida O‘zbekiston, Rossiya va Kipr ko‘rsatilgan, Alisher Usmonovning singlisi. Akasi bilan The Sister Trust kompaniyasini birga boshqaradi. Ismoilova, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Shveysariya va Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida qolgan. Zunnur Ismoilov bilan birgalikda Toshkentdagi Fedorovich nomidagi klinik sanatoriy asoschilaridan biri;
  • Gulnoz Zunnurovna Kocharova — O‘zbekiston, Rossiya va Kipr fuqarosi. Kipr Almenor Holdings direktori sifatida ro‘yxatga olingan;
  • Shohrux Olimjonovich Nosirxo‘jayev — O‘zbekiston fuqarosi. U BAAdagi Hamriyah Steel (“Metalloinvest”ga tegishli) po‘lat prokat zavodining bosh direktori;
  • Narziyeva Nasiba Erkinovna — O‘zbekiston fuqarosi, Shohrux Nosirxo‘jayevning rafiqasi;
  • Saodat Burxonovna Narziyeva — O‘zbekiston fuqarosi, Alisher Usmonovning singlisi va Nasiba Narziyevaning onasi. Avvalroq u akusher-ginekolog bo‘lib ishlayotgani va tibbiyot sohasida 30 yildan ortiq tajribaga ega ekanligi ma’lum qilingan edi;
  • Natan Adadiyevich Viner — Germaniya va Rossiya fuqarosi. Alisher Usmonovning o‘gay o‘g‘li. Moskvada bir qator kompaniyalarga, shu jumladan konsalting firmasiga egalik qiluvchi tadbirkor. Xabarda aytilishicha, u Latviyada dengiz qirg‘og‘ida hashamatli ko‘chmas mulkka ega.

The Sister Trust’ga tegishli bo‘lgan va Kayman orollarida joylashgan Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan Almenor, Klaret Aviation va Navis Marine kompaniyalariga ham cheklov choralari qo‘llanilgan. Bundan tashqari, ro‘yxatga Usmonovga tegishli ekani aytilayotgan yana uchta Kipr kompaniyasi: Windfel, Savoler va Miramonte Investments kiritilgan. Miramonte Investments (“Metallinvest” bilan birgalikda (41,9%)) Toshkent metallurgiya kombinati aksiyalariga ega.

Qo‘shma Shtatlar Kipr fuqarosi Demetrios Sergidesga ham sanksiyalar kiritdi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, u Usmonovning maslahatchisi va biznesmen nomidan moliyaviy masalalar bilan shug‘ullanadi. Vashington Sergidesni The Sister Trust`ning himoyachisi (ishonchli vakili) deb ataydi.

SDN ro‘yxatiga “Megafon” ilgari o‘z egasi USM Telecom`ga ulushini sotgan Digital Invest ham kirdi. Kompaniya O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tashkil etilgan Digital Holding`da 51 foiz ulushga ega. Digital Holding Ucell (Coscom) uyali aloqa operatori, O‘zbekistondagi CRPT Turon markalash tizimining operatori va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Pervaya Bashennaya kompaniya” kompaniyasi (Coscom bilan birgalikda — 99%) hamda New Solutions kompaniyalariga egalik qiladi.

Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligi istisno qildi va agar bu operatsiyalar Tojikiston yoki O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa, “Megafon” yoki Digital Invest foydasiga har qanday bitimlar, jumladan, Amerika tovarlari va texnologiyalarini sotish uchun muddatsiz litsenziya berdi.

RBK xabariga ko‘ra, “Megafon” AQSh sanksiyalarini adolatsiz, noqonuniy va asossiz deb atadi. “Biz millionlab mijozlarga yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega xizmatlarni taqdim etuvchi tijorat kompaniyasimiz. Biz ushbu cheklovlarga mavjud bo‘lgan barcha usullar bilan e’tiroz bildirmoqchimiz”, — deya bayonot berdi kompaniya.

AQSh Savdo vazirligi Moliya vazirligi sanksiyalaridan tashqari bir qator kompaniyalarga, jumladan O‘zbekistonning ikkita korxonasi, Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia`ga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qildi. Departament ma’lumotlariga ko‘ra, ular Rossiya harbiy va mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun Amerika tovarlarini sotib olish uchun sanksiyalarni chetlab o‘tishga harakat qilgan.

O‘zbekiston Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, Alfa Beta Creative 2022-yil 6-iyun kuni 2 million so‘m ustav kapitali bilan Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan, ta’sischisi Svetlana Karimovna Haydari. Asosiy faoliyat turi boshqa ofis texnika va jihozlarning ulgurji savdosi.

GFK Logistic Asia 2018-yil 28-martda tashkil etilgan, ustav kapitali 200 million so‘m. Quruqlikdagi transport xizmatlarini ko‘rsatadi. Ta’sischilar — Albert Abdusamatovich Shukurov.