9-aprel kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida Davlat xavfsizlik xizmati tumanlararo bo‘limi va tuman prokuraturasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbir davomida fuqarodan 800 dollar olgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektori qo‘lga olindi deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Ma’lum qilinishicha, Uzun tuman ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmatining ma’muriy huquqbuzarlik materiallarini ko‘rib chiqish bo‘yicha inspektori katta serjant Sh. A. fuqaro K.Q.ga tegishli bo‘lgan Gentra avtomashinasining old oynalarini maxsus ruxsatnomasiz qoraytirgani uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagan.

Uni jarimaga tortmaslikni va’da qilgan. Evaziga 800 dollar miqdorida pul mablag‘ini talab qilganva pulni olayotganida ushlangan. Voqea tumanning “Baxoriston” mahallasidagi N.Ramozonov ko‘chasida joylashgan tuman IIB YHXG ma’muriy amaliyot bo‘limida bo‘lgan.

Holat yuzasidan o‘sha kuni departamentining Uzun tuman bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov xarakatlari olib borilmoqda.