7-aprel kuni “Tashabbusli budjet” loyihasining 2023-yilning 1-mavsumi yakunlandi.

Ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 1 666 ta loyiha g‘olib deb topildi. Bu o‘tgan mavsumdagi tasdiqlangan loyihalardan ko‘p. (2022-yil 2-mavsumda 1418 ta loyiha g‘olib bo‘lgandi). Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun esa 1,6 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgan. Avvalroq, ushbu mavsumga 1,7 trln so‘mdan ortiq pul yo‘naltirilishi aytilgandi.

Qayd etilishicha, “OpenBudjet” portali orqali 33 680 ta tashabbus uchun 16 milliondan ortiq ovoz berilgan.

Joylarda bergan takliflari g‘olib deb topilgan fuqarolar bayram qilishni boshladi. Ular ko‘chalarda to‘planib, karnay-surnay hamda baland musiqalarning sadosiga raqsga tushishmoqda. Bundan tashqari ular orasida mashinalarga o‘tirib, davlat bayrog‘i bilan ko‘chalarni aylanayotganlar ham bor.

Loyihaga kiritilgan takliflarga ovoz yig‘ish jarayoni ham har mavsumdagi kabi ancha qiziqarli kechdi. 18-martdan 7-aprelgacha fuqarolar yashash hududidagi turli ijtimoiy muammolarga barham berish bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning maqsadli taqsimlanishida ishtirok etdi. Fuqarolar o‘z loyihalariga ko‘proq ovoz to‘plash uchun esa turli usullardan foydalandi, jumladan, hisobni to‘ldirish, bepul ichimlik ulashdi va hatto o‘simlik yog‘ini berish ham kuzatildi. Dastavval “Bir ovoz-5000 so‘m” kabi e’lonlar tarqalgandi. Muddat yakunigacha 1 ovozning qiymati 20 ming so‘mgacha yetdi.

“Gazeta.uz” poytaxtning bir qancha nuqtalarida bo‘lib, mazkur jarayon ishtirokchilariga mikrofon tutgandi. O‘shanda fuqarolar ovoz evaziga berilayotgan mukofotlar uchun pulni mahalliy fuqarolarning o‘zlari e’lon berib yig‘gani, hatto joylarga ehson qutilari o‘rnatishgani haqida gapirib bergandi.

Ushbu jarayon hududlar o‘rtasida bahsga aylanib ketdi. Shuningdek, tarmoqlarda Oqqo‘rg‘on tumanida maktab o‘quvchilarning ovoz ko‘paytirish maqsadida zarur bo‘lgan sim-kartalarni sotib olish uchun maktabga pul olib borayotgani aks etgan video ham tarqalgandi. Buning ortidan maktab direktori ishdan bo‘shatildi.