O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Davlat rahbari Yoshlar siyosati va sport vazirligiga Raqamli texnologiyalar, Iqtisodiyot va moliya, Adliya vazirliklari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda maxsus ishchi guruhni tashkil qilgan holda 2023-yil yakuniga qadar ilg‘or xorij tajribasi asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirishda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev 2021-yildan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik shoxobchalarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Ularning qonuniylashtirilishi sportni, ayniqsa, futbolni rivojlantirish, shuningdek, uning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kerak edi.

Litsenziyalarni berish Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshirilishi kerak edi, ammo keyinchalik bu organ tugatildi. Bungacha hech qanday qonuniy asos bo‘lmagani uchun litsenziya berilmagan.

Biroq 2022-yil aprel oyi oxirida prezident bukmekerlik kontorlari bo‘yicha oldingi qarorini bekor qildi.

2020-yil fevral oyida Professional futbol ligasi rahbari o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev bukmekerlik kontorliklarini qonuniylashtirish O‘zbekistondan kapital chiqib ketishini kamaytirishga yordam berishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda mamlakat onlayn lotereyalar va bukmeker kontorlarining “kulrang bozori” tufayli qariyb 50 mln dollar yo‘qotayotgan edi. Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabar Abduvaxitov ham qonunchilikka kiritishni yoqlab chiqqan edi.

Bosh vazir o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirishning afzalliklari haqida gapirgandi. “Ko‘plab o‘yinchilar boshqa mamlakatlarga sayohat qilishadi yoki xorijiy platformalarda pul sarflashadi. Biz pul yo‘qotyapmiz. Shuning uchun mamlakatimizdagi bukmekerlik kontorlarini qonuniylashtirishimiz va bundan tushgan foydaning ma’lum foizini mahalliy sportni rivojlantirishga sarflashimiz kerak”, degan edi u Qozog‘istonning “Xabar 24” telekanaliga bergan intervyusida.

2021-yil sentabr oyida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik va parlament tadqiqotlari instituti bukmekerlik faoliyatini huquqiy tartibga solish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif qildi. Deputat Doniyor G‘aniyevning fikricha, pul tikish bilan faqat mamlakat rezidentlari shug‘ullanishi, norezidentlarga esa mahalliy bank tizimlari orqali to‘lovlarni amalga oshirishni taqiqlash kerak. Shuningdek, u reklama va lotereyalarni rag‘batlantirishni taqiqlashni hamda jismoniy shaxslar uchun garovlarning maksimal miqdorini belgilashni taklif qildi.