Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘rovonlik uchun tegishincha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Shuningdek, endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik hamda ota-ona o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga beriladigan himoya orderining muddati sud tomonidan 1 yilgacha uzaytirilishi belgilanmoqda.

Qonunchilikka kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda, ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.

Tazyiq o‘tkazgan va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlar, shu jumladan, muayyan joylarga borishni ta’qiqlash, jabrlanuvchi yashaydigan uy-joydan foydalanmaslik, jabrlanuvchining ish joyiga yoki u joylashgan boshqa joylarga yaqinlashmaslik kabi vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilmoqda.

“Bu normalar odamlarning tafakkuri va xotirasi bilan birga yuragidan ham joy olishi kerak. Katta-kichik, ayol-erkak bo‘lsin — insonga, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qilish, uni tahqirlash, haq-huquqini poymol qilish aslo toqat qilib bo‘lmaydigan holat, og‘ir jinoyat ekanligi odamlarning ongiga chuqur o‘rnashsagina natija kutilganidek bo‘ladi”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Qonun bilan quyidagi jinoyatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda:

Ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash (115-modda);

  • taklif etilmoqda: 60 mln so‘mgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • amalda: 15 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (118, 119-moddalar);

  • taklif: 1-qismi 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
  • amalda: 1-qismi 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2-qismi 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda);

  • taklif: 1-qismi 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish, og‘irlashtiruvchi holatlarda 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi;
  • amalda: 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish (128-modda);

  • taklif: 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish. Og‘irlashtiruvchi holatlarda — 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
  • amalda: 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish)

16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish (129-modda);

  • taklif: 1-qismi 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish; 2-qismi 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish. Agar o‘sha harakatlar zo‘rlik ishlatib yoki qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa — 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi;
  • amalda: 1-qismi 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 2-qismi 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari)

Pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish (130-modda);

  • taklif: 3-qism (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish) 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
  • amalda: 3-qism (voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etish) 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Aprel oyida ayollar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar kunora kuzatilmoqda. Xususan, 1-aprel kuni Xorazm viloyatida oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan 3 nafar qizi viloyat adliya boshqarmasi va tuman FVV rahbarlari bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani aytildi. Xorazmda esa 17 yoshli qiz bir necha erkak tomonidan zo‘rlangani aytilmoqda.

3-aprel kuni Toshkentda 27 yoshli ayol o‘zi va 3 bolasini 9-qavatdan tashlab yuborgani sabab halok bo‘ldi.

Ertasi kuni Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida qizlarning xonasidan “talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash maqsadida” o‘rnatilgan yashirin kamera topildi. Buning ortidan OTM prorektori va uch mas’ul xodim ishdan bo‘shatildi.