Buyuk Britaniya boks federatsiyasi Toshkentda bo‘lib o‘tadigan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatini Rossiya va Belarus sportchilarining o‘z mamlakat bayroqlari ostida qatnashishi sabab boykot qilishga qaror qildi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.

“Ushbu qaror Olimpiada dasturidagi boksning kelajagi borasida davom etayotgan xavotirlarni hamda Xalqaro boks assotsiatsiyasining (XBA) Rossiya va Belarus bokschilariga o‘z bayroqlari ostida musobaqada qatnashishlariga ruxsat berish haqidagi qarorini aks ettiradi. Bu XOQ (Xalqaro olimpiya qo‘mitasi) pozitsiyasiga ziddir”, — deyiladi xabarda.

Federatsiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralab, Ukraina xalqi, bokschilari, murabbiylari va rasmiylariga birdamlik bildirdi.

Toshkent shahrida boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi ushbu jahon chempionati 30-aprel — 14-may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Rossiyalik Umar Kremlev rahbarlik qiladigan IBA (sobiq AIBA) 2022-yilning oktabr oyida rossiyalik va belaruslik bokschilarning diskvalifikatsiyasini bekor qilib, ularga xalqaro maydonlarda milliy bayroqlar va davlat madhiyalari ostida qatnashishlariga ruxsat bergandi. Shu tufayli AQSh, Polsha, Shvetsariya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Irlandiya, Chexiya, Shvetsiya, Kanada va Ukraina kabi o‘ndan ortiq mamlakatlar jahon chempionatini boykot qilishga qaror qilgandi.

Mazkur davlatlar mart oyida Hindistonda bo‘lib o‘tgan ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatini ham o‘tkazib yuborgan. Buyuk Britaniya boykot qiluvchi davlatlar qatorida bo‘lgan, ammo keyinchalik mamlakat boks federatsiyasi boykot faqat ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun bo‘lganini bildirgandi.

Boykot e’lon qilgani munosabati bilan O‘zbekiston boks federatsiyasi mamlakat musobaqani o‘tkazish huquqini olganida hech qanday cheklov bo‘lmaganini ma’lum qilgandi. “O‘zbekiston sport siyosatdan xoli tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deyilgandi federatsiya xabarida.