Fevral oyi boshida Toshkentda 12 yoshli qizning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi OAV va jamoatchilikni larzaga solgan edi. Yuqori martabali amaldorlar o‘z ijtimoiy tarmoqlari va chiqishlarida aybdorlarni jazolashga chaqirishdi, bunday holatlar takrorlanmasligi uchun chora ko‘rishga va’da berishdi. Oradan ikki oy o‘tdi va O‘zbekistonning media makoni yana jo‘shmoqda. Bu safar Xorazm viloyatida amaldorlar oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan tarbiyalanuvchilarini qariyb bir yil davomida zo‘rlab kelgani haqidagi voqea g‘azabga sabab bo‘ldi.

Va hamma yana gapira boshladi. Va yana hamma qo‘zg‘aldi. Va yana minbarlardan har tomonlama tekshirib, aybdorlarni jazolashga chaqiruvchi, amalga oshmaydigan va’dalar berib, xalqni populistik takliflar bilan tinchlantirishga urinayotgan mutasaddilarning g‘azabnok ovozlari eshitilmoqda. Bular ro‘y berayotgan bir vaqtda xotin-qizlar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasining qanday to‘sqinliklarga uchraganini esga olish o‘rinli. Darvoqe, qonun loyihasini yaratish ustida ishlagan faollar va ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, ular haligacha parlament quyi palatasi tomonidan ma’qullangan yakuniy tahrirda o‘zlari taklif qilgan matnlarning qaysilari kiritilganligi — va umuman kiritilganmi yoki yo‘qligini bilishmaydi.

Xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalasi doirasidan chetroqqa chiqaylik. Qandaydir muammo mavjudligi, hamma u haqda gapirishi, uni hal qilish uchun tuzilmalar yaratilishi, strategiyalar ishlab chiqilishi, konferensiyalar o‘tkazilishini ko‘ramiz, lekin deyarli hech narsa o‘zgarmaydi. Muammolar faqat rezonansli holatlardan keyingina esga olinadi. Munosabat shablonlari odatda standartdir: ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik shov-shuvlari, yuksak minbarlardan dahshatli bayonotlar, namoyishkorona choralar va… Va pauza. Shunga o‘xshash holat takrorlanmaguncha.

Bularning barchasi mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimining samarasiz ekanligini ko‘rsatadi.

Xo‘sh, samarali siyosiy tizimda davlat boshqaruvi qanday ishlaydi? Siyosiy hayot, elektorat ovozi uchun kurash, hokimiyat almashinuvi va eng muhimi, ishlayotgan qonunlar mavjud bo‘lgan tizimmi? Bunday tizim doimiy harakatda bo‘ladi. U ishlaydi. Qayerdadir samaraliroq, qayerdadir kamroq. Lekin ishlaydi. Har biri o‘z darajasida o‘zining funksional vazifalarini bajaradi.

Kommunal xizmatlar tozalik va tartibni saqlaydi. O‘qituvchilar dars berishadi. Shifokorlar davolaydi. Politsiya jinoyatchilarni ushlaydi. Sudlar qonun hujjatlariga muvofiq qaror qabul qiladi. Va hokazo. U yerda, masalan, pod’ezd eshiklaridagi qulflarni sozlash yoki hovlilardagi piyodalar yo‘laklarini tartibga keltirish uchun prezident yoki hukumat rahbarining tashrifini kutishning hojati bo‘lmaydi. Bunday ishlar ularni bajarish funksional vazifasi hisoblanganlar tomonidan mutlaqo tabiiy ravishda amalga oshiriladi. Va ular o‘z vazifalarini mamlakatni kim boshqarishidan yoki parlamentda qaysi partiya ko‘pchilik o‘ringa ega bo‘lishidan qat’i nazar qiladilar.

Hokimiyat manfaatlarini himoya qilishni birinchi o‘ringa qo‘ygan davlat boshqaruvi tizimi mustaqil faoliyat yurita olmaydi. Unda hamma narsa yuqoridan tegishli ko‘rsatma kelgandagina harakatga keladi. Va keyin hamma narsa faqat ushbu yo‘riqnomada ko‘rsatilgan yo‘nalish va masalalar bo‘yicha harakat qiladi. Har qanday sohaga mas’ul bo‘lgan amaldorlar o‘z vazifalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajarishga kirishishlari uchun jamoatchilik e’tirozi kerak bo‘ladi. Samarali institutlarni qurishdan manfaatdor emas. Chunki bunday institutlar hokimiyat topshirgandek emas, balki o‘zlari lozim bo‘lganidek ishlay boshlaydi. Nosoz tizim qonun ustuvorligidan manfaatdor emas, chunki amaldagi qonun qattiqqo‘l narsa bo‘lib, hukumatni o‘ziga yoqmagan ishni qilishga majbur qilishi mumkin. Masalan, musobaqada qatnashish va mag‘lubiyatga uchragan taqdirda ketish.

Bunday tizim ishning ikkita mexanizmiga tayanadi: populizm va o‘t o‘chirish. Balandparvoz shiorlar, chiroyli bezalgan strategiyalar va doimiy ravishda “eng yaxshi tajribalar” joriy etilishini e’lon qilish ko‘rinishidagi populizm orqali ish qobiliyati va ishtiyoqi yo‘qligini yashirishga harakat qiladi. Uning harakatsizligi tufayli yuzaga kelgan ba’zi hodisalar jamoatchilik ongini junbushga keltirib, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirganda, u o‘t o‘chirish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi.

Tizimning har qanday harakati boshqariladi va “tepa” bilan muvofiqlashtirilishi kerakligi uning aksariyat vaqtini u uyquda o‘tkazishiga olib keladi. Hatto o‘zining funksional vazifalarini kerak bo‘lganida emas, balki rahbariyatga yoqishi uchun bajaradi.

Jamiyatning o‘zi qila oladigan va qilishi kerak bo‘lgan sohalarda harakat qilishiga va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishiga to‘sqinlik qilishi natijasida u o‘z muammolarini o‘zi hal qila olmaydi. Tabiiyki, ijrochilarning tanlovi ham unga salbiy ko‘rinadi. U professionallarga qiziqmaydi. Professionallik doimo o‘z o‘rnini sodiqlikka bo‘shatadi. Sadoqatli samarasiz xodim muxolifatchi yuqori malakali mutaxassisdan afzalroq bo‘ladi.

Voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlagan xorazmlik amaldorlar haqidagi voqea buzuq tizimning yorqin namunasidir. Samarali davlat boshqaruviga ega bo‘lgan siyosiy tizimda biz Xorazm voqealari haqida ancha oldinroq — hatto tergovni ochish bosqichida ham bilib olgan bo‘lardik. Maksimal — qattiq jazo tayinlangandan keyin. Hozirgi holatda esa biz ular haqida jinoyatchilarning oqlanishi oshkor bo‘lgandan keyingina xabar topamiz. Hattoki u bevosita kiritilganda va sudlov tizimini faollashishi kerak bo‘lganda ham emas. Bu ma’lumot yuqoridagi mas’ul amaldorlar e’tiboriga yetkazilganda emas. Yo‘q. Qariyb olti oydan keyin. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi e’lon qilganida.

Albatta, Xorazm voqealari atrofida faol media kampaniyasi boshlanadi. Unga jalb qilingan barcha mansabdor shaxslar qanchalik g‘azablanganligini va ularda qancha qiziqarli yechimlar borligini ko‘rsatish uchun bor kuchini sarflaydi. Katta ehtimol bilan, aybdorlar — deyarli barchasi va deyarli asosiylari — oshkora tarzda jazolanadi. Lekin hammasi befoyda. Bir-ikki oy o‘tadi va biz boshqa hududda shunga o‘xshash yana bir ishni muhokama qilamiz. Oldingi barcha yuqori darajadagi ishlarda bo‘lgani kabi. Chunki populistik shiorlar va harakatlar muammolarni hal etmaydi — ular muammolar hal qilingandek tasavvurni yaratadi. Qayerdadir esa vaziyat yanada chuqurroq ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Chunki yong‘inning oldini olishdan ko‘ra o‘chirishni afzal ko‘rgan tizim bir yong‘indan ikkinchisiga shoshilishga mahkum.

Xorazm viloyatidagi zo‘rlovchi amaldorlar atrofidagi media-rezonans O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘yicha media-kampaniyani barbod qilib yubordi. Rasmiylarga sadoqatli taniqli shaxslar, sportchilar, idoraviy tahliliy tuzilmalar vakillari jamoatchilikni ushbu tuzatishlar O‘zbekistonni yanada yaxshiroq qilishiga ishontiradigan kampaniyani. Lekin, aslida, ko‘p narsa o‘zgarishi dargumon. Toki qonunlar ishlaydigan tizim yaratilmas ekan, qonunlarning matnlari ko‘p narsani o‘zgartirmaydi.

Davlat boshqaruvi qo‘l rejimida faoliyat ko‘rsatishni va faqat hokimiyat manfaatlariga xizmat qilishni to‘xtatgandagina qandaydir yangi narsani yaratish mumkin. Barcha e’lon qilinayotgan islohotlar statuv-kvoni mustahkamlashga emas, balki tizim samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lgandagina. Jamiyat qabul qilinayotgan qarorlarga real ta’sir ko‘rsatish vositalariga ega bo‘lgandagina. Tizimli o‘zgarishlarni ta’minlashda uzoq muddatli istiqbolga ega bo‘lgan qarorlar qabul qilinishiga bir lahzalik shaxsiy manfaatlar va rahbariyat manfaatlarini ta’minlovchi mansabdor shaxslar to‘sqinlik qilmagandagina. Toki bular sodir bo‘lmas ekan, biz davlat boshqaruvi tizimining bir inqirozdan ikkinchisigacha qanday ishlashini va tizimli muammolarni hal qila olmasligini kuzatishda davom etaveramiz.

Muallifning fikri tahririyatning fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Yuriy Saruxanyan — xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassis, “Seriya penalti” (“Penaltilar seriyasi”) Telegram-kanali muallifi.