Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi “Ar-Roshidoniy“ madaniyat va istirohat bog‘ida 17 yoshli qiz attraksiondan tushib ketib, jarohat oldi. Holat videotasvirlarga ko‘ra o‘rganilganda, qiz himoya zanjirini o‘z qo‘li bilan bo‘shatib yuborgani, qolaversa, “Qaroqchilar kemasi“ attraksionida tegishli sozlash ishlari bajarilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, ushbu attraksion qo‘lbola usulda yasalgan bo‘lib, tadbirkor uni 2022-yil iyulda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatgan. Mavjud talablarga ko‘ra attraksion maxsus ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan o‘rnatilishi lozim.

Shuningdek, attraksionning texnik pasporti mavjud emas, statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagan, kunlik texnik nazorat, attraksion elektr jihozlarini yerga zaminlash va izolyatsiyasi qarshiligini o‘lchash, ishga tushirish va sozlash ishlari bajarilmagan.

Attraksionga 2022-yil avgust oyida mavsum uchun maxsus laboratoriya tomonidan metall konstruksiyasining mustahkamligi to‘g‘risida ijobiy xulosa berilgan bo‘lsada, shu kungacha undan tegishli ruxsatnoma olinmasdan foydalanilgan.

Hozirgi vaqtda fuqaro qizning ahvoli qoniqarli ekani aytildi. Ushbu holat bo‘yicha huquq-tartibot organlari tekshiruv o‘tkazmoqda, deyiladi xabarda.